“Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan matbuot erkinligi bo‘yicha yangi reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 137-o‘rinni egalladi. Mamlakat 2022-yilgi reytingdagi o‘rnidan birdaniga to‘rt pog‘ona pastladi.

“2016-yilda prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng [o‘zbek] matbuotidagi vaziyat biroz yaxshilandi, lekin hukumatni tanqid qilish muammoligicha qolmoqda”, — deyiladi tashkilot hisobotida.

Unda aytilishicha, O‘zbekiston rasmiylari ommaviy axborot vositalari va hukumat bilan yaqin aloqada bo‘lgan qator blogerlarni “sezilarli darajada” nazorat qiladi. Mamlakatda ommaviy axborot vositalariga oid repressiv qonunlar va keng tarqalgan kuzatuv, senzura va o‘zini o‘zi senzura qilish kabi holatlar mavjud.

Ekspertlar bloger Otabek Sattoriy ishi va 2022-yil yozida Nukusdagi namoyishlarni yoritgan jurnalistlarga nisbatan bo‘lgan bosimni ham tilga olgan. Sattoriy 2021-yil may oyida tuhmat va tovlamachilikda aybdor deb topilib, 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Blogerning o‘zi sudda aybini tan olmagan. Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti unga qo‘yilgan ayblovlarni “shubhali”, sud qarorini esa “O‘zbekistonda so‘z erkinligiga zarba” deb atagan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan. Qirg‘iziston reytingda 50 pog‘ona pastga — 72-o‘rindan 122-o‘ringa tushgan. Bu mintaqa davlatlari orasida eng keskin pasayishdir.

Qozog‘iston o‘tgan yilga nisbatan 12 pog‘ona pastlab, 134-o‘rinni egalladi. Tojikiston 153-o‘rinda joylashgan — ya’ni mamlakatda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “qiyin”dan “juda qiyin” bosqichga o‘tgan.

Turkmaniston 176-o‘rinni egallab, indeksdagi eng yomon besh davlat qatoridan joy olgan. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining qayd etishicha, Turkmanistonda 2022-yil martida Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng senzura kuchaygan.

Rossiya esa reytingda to‘qqiz pog‘ona pastga tushib, 164-o‘rinni egallagan. Hisobotda aytilishicha, Rossiya 2022-yil fevralida Ukrainaga keng masshtabli bosqinchiligidan buyon deyarli barcha mustaqil ommaviy axborot vositalarini taqiqlagan yoki bloklagan, qolgan nashrlar esa harbiy senzuraga uchramoqda.

Hozirda harbiy holat hukm surayotgan Ukrainada matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat, aksincha, yaxshilandi — bir yil ichida mamlakat reytingda 106-o‘rindan 79-o‘ringa ko‘tarildi. Tashkilotning ta’kidlashicha, Ukraina ommaviy axborot vositalari “Kreml targ‘ibotining tarqalishiga qarshilik ko‘rsatishda birinchi safda bormoqda”.

Norvegiya ketma-ket yettinchi marta reytingda peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Irlandiya, Daniya, Shvetsiya va Finlyandiya egallagan.

Shimoliy Koreya reytingni yakunlab bergan. So‘nggi o‘rinda Xitoy (179) joylashgan bo‘lib, hisobot tuzuvchilar uni “jurnalistlar uchun dunyodagi eng katta qamoqxona” deb atashadi. Hozirda kamida 100 nafar xitoylik ommaviy axborot vositalari xodimlari kasbiy faoliyati bilan bog‘liq holda qamoqda saqlanmoqda.

Reytingga kiritilgan jami 180 ta davlat va hududdan 31 tasida matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “juda qiyin” bosqichda qolmoqda.