AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik “Mushtum” jurnalini 100 yillik yubiley bilan tabriklash maqsadida 1-may kuni jurnal tahririyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda nashrning Telegram kanalida xabar berildi, shuningdek, elchixona sahifalarida ham axborot berildi.

Uchrashuv chog‘ida Jonatan Henik “Mushtum”ning muxlisi ekanligini, elchixona jurnalga obuna bo‘lganini, uning har bir sonini muntazam kuzatib borishini ta’kidlagan. Shuningdek, u nashr tarixi, ish jarayoni va xodimlar bilan yaqindan tanishgan.

2007-yildan buyon “Mushtum”ga bosh muharrirlik qilayotgan Nosirjon Toshmatovning “Gazeta.uz” muxbiriga ma’lum qilishicha, AQSh elchisi tahririyatga kutilmaganda kelgan — ular buni hatto tasavvur ham qilmagan edi.

жонатан ҳеник, мuштuм, мuштuм jurnalи, мuштuм мақолалари

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

“Elchini biz taklif qilganimiz yo‘q, ularning o‘zi tashrif buyurdi. “Mushtum”ga elchixona obuna bo‘lgan ekan va Telegram-kanalimizni ham kuzatib borisharkan. “Bir qarashda tushunadigan karikaturalarni ko‘rib, ham kulaman, ham mulohaza qilaman. Men tushunmagan karikaturalarni va hajviyalarni tarjimonlarga iltimos qilsam, tushuntirib berishadi. Jurnal saviyasi juda yuqori va unda berib boriladigan materiallar mazmunli. Bu yerga jurnal muxlisi bo‘lganim uchun va “Mushtum”ning yubileyi bilan tabriklagani keldim”, dedi elchi”, — deydi Nosirjon Toshmatov.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Uning so‘zlariga ko‘ra, diplomat jurnalda faoliyat yurituvchi rassomlar ijodi bilan ham yaqindan tanishgan.

“Mushtum”ning faoliyatini rivojlantirish masalasida ham fikrlashdik. Biz rejalarimizni aytdik. Elchixona ijodiy hamkorlikka va yordamga hamisha tayyor ekanligini ta’kidladi. Jurnalning 100 yoshi bilan tabriklab, tahririyat jamoasiga sovg‘alar ulashdi. Biz ham ularni quruq qo‘l bilan qaytargimiz kelmay, oz bo‘lsa-da sovg‘a berdik. Bundan tashqari, „Mushtum“ rassomi Husan aka Sodiqov elchi Jonatan Henikning karikaturasini chizgan edi, uni ramkaga solib, tuhfa qildik. O‘zini ko‘rib, rosa kuldi”, — deydi jurnal muharriri.

Elchi Jonatan Henik “Mushtum” rassomi Husan Sodiqov tomonidan chizilgan sharjasi bilan. Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiElchi Jonatan Henik “Mushtum” rassomi Husan Sodiqov tomonidan chizilgan sharjasi bilan. Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Nosirjon Toshmatovning qayd etishicha, elchi va jamoaning suhbati choy ustida ochiq-oydin va samimiy kechgan. “Unga: „O‘zbekiston madaniyat vaziri yoki moliya vaziri tahririyatga kelganida, bunchalik xursand bo‘lmasdik. Siz jurnal muxlisi sifatida yubiley bilan tabriklagani kelganingizdan boshimiz osmonga yetdi“, dedim”, — deya qo‘shimcha qildi bosh muharrir.

Nosirjon Toshmatov 2022-yildan buyon “Mushtum” yubileyini o‘tkazish bo‘yicha bir qancha mas’ul tashkilotlarga xatlar yozib, murojaat qilib keladi.

“Ammo shu paytgacha jurnalning 100 yillik to‘yi nishonlangani ham, biror amaldor tabrik so‘zi yozgani ham yo‘q. Agar prezident ertaga „Mushtum“ yubileyi nima bo‘lyapti, deb so‘rab qolsa, tahririyatimizga ko‘plab mas’ul amaldorlar keladi, ehtirom ko‘rsatadi. Afsuski, rahbariyat topshiriq bersagina, biror ishni bajaradigan darajaga yetib keldik. Hamma narsa davlat rahbarini o‘ziga yuklab qo‘yilyapti. U aytsa qilinadi, gapirmasa — yo‘q”, — deydi jurnalist.

Nosirjon Toshmatov 2023-yil fevralida “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ham “Mushtum”ning 100 yillik to‘yini qanday o‘tkazish haqidagi tahririyat rejalari bilan o‘rtoqlashgan, biroq bu rejalar qo‘llab-quvvatlanmayotganini ta’kidlab o‘tgandi.