3-mayga o‘tar kechasi Ukrainaning ikki droni Vladimir Putinning Kreml qarorgohiga hujum uyushtirishga urindi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi, deb yozmoqda Meduza nashri.

“Harbiy va maxsus xizmatlar tomonidan radar jangovar tizimlaridan foydalangan holda o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida apparatlar yo‘q qilindi. Ularning yerga qulashi sababli qurbon bo‘lganlar yo‘q, moddiy zarar ham ko‘rilmadi”, — deya Kreml xabaridan iqtibos keltiradi “RIA Novosti”.

Kreml Kiyev rejimi harakatlarini rejalashtirilgan terrorchilik harakati, Rossiya prezidenti hayotiga suiqasd deb baholadi, deb yozadi “RIA Novosti”.

Kremlning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida Vladimir Putin hayotiga hech qanday xavf bo‘lmagan, uning ish tartibi o‘zgarmagan. Shuningdek, xabarda aytilishicha, Rossiya tomoni “o‘zi xohlagan joyda va vaqtda javob choralarini ko‘rish” huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Kreml e’lon qilishidan biroz avval Moskva meri Sergey Sobyanin 3-maydan boshlab poytaxtda dronlarni uchirish taqiqlanganini ma’lum qilgandi. “Bu qaror huquq-tartibot idoralari ishini murakkablashtirishi mumkin bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparatlaridan ruxsatsiz foydalanishning oldini olish maqsadida qabul qilingan”, — deya tushuntirgan u.

Ukraina rasmiylari hozircha Kreml bayonotiga munosabat bildirmadi.