1-may kuni O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmati Dilshodjon To‘raxo‘jayev Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida va Hasanboy Abdunabiyev “Toshturma”da qiynoqqa solingani haqida post e’lon qildi.

Qayd etilishicha, Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jayev bosqinchilikda gumonlangan 40 yashar ukasi Dilshodjonning 12−15-aprel kunlari Toshkent shahar IIBB tergov bo‘limida shafqatsiz qiynoqlarga solingani, og‘zi va qo‘llari skotch bilan bog‘lanib, noinsoniy qiynoqlarga solinganini iddao qilgan.

“Surishtiruv, advokatlar va guvohlar bilan suhbatlardan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, Dilshodjon To‘raxo‘jayev haqiqatan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari, qora maxsus kiyimdagi „ajal farishtalari“ va tergovchilar tomonidan majburiy ko‘rsatma olish maqsadida qiynoqqa solingan. Advokatlarga ko‘ra, uning badaniga elektroshoker vositasida yetkazilgan zarar siz ko‘rayotgan rasmlarda ham aks etgan. Uning momataloq badanidagi jarohatlar hanuz ketgani yo‘q”, — deyiladi jamiyat xabarida.

Dilshod To‘raxo‘jayev kim?

Dilshod To‘raxo‘jayev O‘zbekistonda tug‘ilgan, lekin Rossiya fuqarosi. U 3-fevral kuni UzReport TV telekanaliga bergan intervyusida 20 yil Rossiya Federatsiyasida (2000−2020-yillar) yashaganini, biroq prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi vatandoshlarga chaqiruvi nutqlari ortidan mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun vataniga qaytishga qaror qilganini aytadi.

Tadbirkor Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida kuniga 2 ming nafargacha sayyohni qabul qila oladigan “Aparat Hotel Kosmos” sayyohlik inshooti va dam olish maskani qurilishiga 25 milliard so‘m sarmoya kiritgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 75 kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

To‘raxo‘jayev shuningdek, 800 ta mehmon uyi qurilishi haqida ma’lum qildi, ulardan 10 tasi foydalanishga topshirilgan, qolganlari esa 2025-yilning uchinchi choragida yakunlanishi rejalashtirilgandi.

“Prezidentimiz yurtdoshlarimiz va salohiyatli tadbirkorlarning o‘z vataniga qaytishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratdi. Ana shunday yaratilgan imkoniyatlardan kuch olaman. Biz bundan keyin ham to‘xtab qolmaymiz va ishlashda davom etamiz”, — degandi u intervyuda.

Prezident tadbirkorning loyihasi haqida ham gapirgan, “O‘zbekiston 24” telekanali esa telereportaj tayyorlagan.

Shuningdek, jamiyat yana bir fuqaro qiynoqqa solingani haqida ma’lumot bergan.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-moddasida (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda gumonlanib, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevga nisbatan sodir etilgan qiynoq natijasida u salkam nogironga aylanib qoldi”, — deya qayd etilgan xabarda.

IIV munosabati

Yuqorida keltirilgan xabarga IIV matbuot xizmati munosabat bildirdi.

IIV xabarida qayd etilishicha, 2023-yilning 12-aprel kuni IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida bir necha oylar davomida “tadbirkorlarga nisbatan tovlamachilik qilib ularni qo‘rquv ostida ushlab kelayotgan yirik uyushgan jinoiy guruh”ning 10 nafar a’zolari qo‘lga olingan.

“Guruh a’zolarining ilgari og‘ir turdagi jinoyatlar bilan bir necha marotaba sudlanganliklari hamda nihoyatda tajovuzkor ekanliklari inobatga olinib, Ichki ishlar organlarining maxsus kuchlari jalb etilgan holda qo‘lga olinganlar va zararsizlantirilganlar. Gumondorlarning yonidan, oldidan maxsus tayyorlangan 2 dona o‘tkir tig‘li jism, bir nechta skotch, Ichki ishlar organlari xodimlarining dala formalari, rezina qo‘lqoplar, 0,7 gramm „opiy“ giyohvandlik moddasi, tramadol tabletkasi va sport sumkasi daliliy ashyo sifatida olingan”, — deyiladi IIV xabarida.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlarni boshqa bir qator og‘ir jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda. Barchasi o‘rnatilgan tartibda himoya bilan ta’minlangani ta’kidlangan.

“Shuningdek, 6-aprel kuni Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda DXX tomonidan Toshkent shahri hududida kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagan fuqaro X.A. qo‘lga olish jarayonida qattiq qarshilik ko‘rsatganligi sababli, maxsus xizmatlar tomonidan jismoniy kuch ishlatilib qo‘lga olingan”, — deya qayd etilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirda gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-prim 1 moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, boshqa og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Gumonlanuvchi protsessual tartibda himoya bilan ta’minlangan.

IIV gumonlanuvchining tanasidagi jarohat izlariga quyidagicha munosabat bildirdi:

“Shu bilan birga, yuqorida bayon etilgan jinoyat ishlari bo‘yicha gumondorlarning ayrimlari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelganliklari, ilgari ko‘chada turli mushtlashuvlarda qatnashganliklari aniqlangan bo‘lib, hozirda uchinchi shaxslar orqali ilgari mavjud bo‘lgan jarohatlarini pesh qilgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlariga nisbatan ishonchsizlik va nosog‘lom shov-shuv uyg‘otish maqsadi ko‘zlanayotganligi haqida ma’lumotlar mavjud”.

Ta’kidlaniicha, har bir holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.