2-may kuni O‘zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatova “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining tadbirkorlar Dilshod To‘raxo‘jayev va Hasanboy Abdunabiyevning qiynoqlarga solingani haqidagi hisoboti yuzasidan bayonot e’lon qildi.

Bayonotda qayd etilishicha, ombudsmanga advokat U. M.ning himoyasi ostidagi Hasanboy Abdunabiyev qiynoqqa solinganligi haqida yuborgan murojaati tezkorlik bilan ijroga qaratilib, 1-may kuni ushbu murojaat O‘zbekiston JPK talablari asosida ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga ombudsmanning alohida nazorat xati orqali yuborilgan.

Shuningdek, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan xabarlarda qayd etilgan shaxslar bilan uchrashib, holi tarzda suhbatlashishlari uchun navbatdan tashqari monitoring tashrifini tashkil qilish ham rejalashtirilgan.

“Ombudsmanga yuborilgan qiynoqqa oid murojaatlar, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlar darhol nazoratga olinadi va o‘rganiladi. Albatta o‘rganish natijalari bo‘yicha, xususan yuqoridagi murojaat yuzasidan jamoatchilik xabardor qilinadi”, — deyiladi ombudsman matbuot xizmati xabarida.

Ombudsman huzuridagi qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tarkibiga tajribali, bilim va saviyasi yuqori bo‘lgan huquq faollari, jumladan, “Gumanitar huquqiy markaz” direktori Shuxrat Ganiyev, “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti raisi A’zam Farmonov, “Mintaqaviy muloqot” Xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining raisi Bexzod Sharipov, Shvetsiya tashkiloti “Markaziy Osiyo Uyushmasi” Jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Gulnoz Mamarasulova, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi raisi Nodira Karimova, “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi raisi Saodat Tursunboyeva, psixolog Shoira Isakova hamda turli sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi olim va mutaxassislar, jamoatchilikning faol vakillari kiritilgan, deyiladi xabarda.

“O‘zbekiston inson qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash yo‘lini tanlagan. Shu nuqtai nazardan qiynoqqa oid murojaatlar alohida nazorat ostida bo‘ladi. Ombudsman qiynoq holatlarini oldini olish va bartaraf etish tarafdori”, — deyiladi ombudsman xabarida.