26-aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi BMT va Yevropa kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi, unda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi haqida so‘z borgan.

Ukrainaning BMTdagi doimiy vakilining aytishicha, Rossiya rezolyutsiyadan Ukrainaga qarshi tajovuz haqidagi eslatmani chiqarib tashlamoqchi bo‘lgan, ammo hujjat 122 ta ovoz bilan qabul qilingan. Qaror Qozog‘iston, Xitoy va Turkiya tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.

Rezolyutsiyaga Rossiya, Belarus, Nikaragua, Suriya va Shimoliy Koreya qarshi chiqqan. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va yana 15 ta davlat betaraf qolgan.

бмт, россия, резолюция, украина, европа kengashi

Rezolyutsiyadagi quyidagi band Rossiyaning tajovuzkorligiga ishora qiladi:

“…Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga, undan oldin esa Gruziyaga qarshi tajovuzidan keyin va federatsiyaning Yevropa kengashidagi a’zoligi to‘xtatilganini hisobga olish kerak. Bugun Yevropa duch kelayotgan misli ko‘rilmagan muammolar BMT va Yevropa kengashi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xususan, har qanday davlatning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligini hurmat qilish asosida tinchlik va xavfsizlikni zudlik bilan tiklash va qo‘llab-quvvatlash, harbiy harakatlar paytida inson huquqlari, xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilishni ta’minlash uchun jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash hamda xalqaro huquqni buzgan barcha aybdorlarni javobgarlikka tortish talab qilinadi”.