13-aprel kuni Toshkentning Yashnobod tumanida Gentra piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan ayolni urib yubordi, deya xabar bermoqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati.

Soat 10:50 atrofida tumanning Mahtumquli ko‘chasida 2002-yilda tug‘ilgan R. I. boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda — 1976-yilda tug‘ilgan U. E.ni urib yuborgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

YTH oqibatida piyoda tan jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Toshkent IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Videodan ko‘rish mumkinki, yo‘ldagi boshqa avtomobillar piyodani o‘tkazib yuborish uchun to‘xtab turgan bir vaqtda boshqa yo‘lakdan kelayotgan havdovchi avtomobilini to‘xtatmagan.

Bloger Nikita Makarenko holat bo‘yicha munosabat bildirar ekan, voqeaga haydovchi emas, balki Toshkent shahri, respublika va poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati aybdor ekanligini ta’kidladi.

“Ikkala tuzilma ham tuyaqush kabi boshlarini yerga ko‘mgan holda o‘ynashadi. Ular bizga vaziyatni yaxshilash uchun hech qanday reja ham taqdim etishmaydi. Balki Toshkent aholisini shu yo‘l bilan kamaytirishga qaror qilishgandir”, — deb yozadi bloger.