Toshkentda o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 12 medal — 3 oltin, 3 kumush va 6 bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati. Musobaqada qit’aning 40 ga yaqin davlatidan 500 nafar sportchi ishtirok etdi.

28-aprel kuni disk uloqtirishda qizlar o‘rtasida Mahliyo Mahmudova (35,17 m) kumush, Shahzoda Shozodova (32,44 m) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Balandlikka sakrash sektorida Emiliya Rudina uchinchi o‘rinni egalladi (1,69 m).

29-aprel kuni uch hatlab sakrash dasturida 13,99 m natija qayd etgan Sharifa Davronova 18 va 20 yosh toifalarida musobaqa rekordi va jahon miqyosida mavsumning eng yaxshi natijasini o‘rnatib, birinchi o‘rinni egalladi.

Shu kuni o‘g‘il bolalar o‘rtasida balandlikka sakrashda Devdavs Ismoilov 2,06 m natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida 400 m masofaga to‘siqlar osha yugurish bahslarida o‘zbekistonlik sportchi Sabina G‘oibnazarova 1:04,06 natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Chempionatning so‘nggi kunida ayollar o‘rtasida 2000 m masofaga stipl-chez tarzida yugurish bahslarida Mahliyo Muhammadjonova 7:10,49 hisobida g‘alaba qozonib, terma jamoa hisobiga uchinchi oltin medalni keltirdi.

Bronza medallarini Anna Chikalova (yetti kurash, 4739 ball) va Abduaziz Rahmatullayev (disk uloqtirish, 54 m) qo‘lga kiritdi.

Chempionatning birinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar uchta medal — ikkita kumush va bitta bronzani qo‘lga kiritgandi.