Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendumda soat 15:00 holatiga 14 206 021 kishi yoki ovoz beruvchi sifatida ro‘yxatga olingan o‘zbekistonliklarning 73,17 foizi ovoz berib bo‘ldi, deya ma’lum qildi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Eng yuqori faollik Sirdaryo (78,83 foiz), Andijon (78,46 foiz) va Farg‘ona (77,53) viloyatlarida qayd etilmoqda. Ayni vaqtda, Toshkent shahrida ovoz beruvchilarning 68,49 foizi, Surxondaryoda 69,56 foizi, Buxoro viloyatida esa 69,80 foizi ovoz bergan — bu hududlar orasidagi eng past ko‘rsatkichlardir.

referendum-2023

referendum-2023

Bahrom Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning Vladivostok, Yaponiyaning Tokio va Janubiy Koreyaning Seul va Kvangju shaharlarida tashkil etilgan referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari yakunlangan. Ushbu uchastkalarda ovoz berish natijalarini aniqlash, byulletenlarni sanash jarayonlari boshlandi.

“Boshqa xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda”, — dedi MSK rahbariyati vakili. Ma’lumot uchun, xorijda 307 895 kishi ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan, shulardan 159 276 nafari muddatidan oldin ovoz bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda va internet-nashrlarda ayrim referendum uchastkalarida kamchiliklar, qonun buzilishi holatlari to‘g‘risida xabarlar berilmoqda. “Albatta, barcha holatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan okrug komissiyalari hamda mutassaddilar bilan birgalikda qonun doirasida ko‘rib chiqiladi”, — dedi Qo‘chqorov.