Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) O‘zbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bog‘liq holatni o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan onlayn so‘rov natijalarini e’lon qildi. Mart-aprel oylaridagi o‘rganishlarda 1032 kishi ishtirok etdi (46,7 foiz ayollar va 53,3 foiz erkaklar), deb xabar berdi MHTI matbuot xizmati.

мҳти, ichki turizm, turizm

Respondentlarning yarmidan ko‘pi yoki 58,5 foizi mamlakat bo‘ylab qanchalik tez-tez sayohat qilishlari haqida so‘ralganda, ular buni yiliga kamida bir marta, shuningdek, 33,5 foizi yiliga bir marta, 16,6 foizi 3 oyda bir marta, 8,3 foizi oyiga bir marta sayohat qilishlarini aytdi.

Respondentlarning 32,3 foizi sayohat qilishni va O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishni xohlashini bildirgan. Respondentlar pul mablag‘larining yetishmasligi (24,7%) va bo‘sh vaqt kamligi (27%)ni cheklovchi omillar deb atagan.

Respondentlar asosan oila (51,5%) va do‘stlar (26%) bilan sayohat qilishni afzal ko‘radi.

Ziyorat (53,7%), tog‘ kurorti (52,7%), madaniy-ma’rifiy (36,4%), sog‘lomlashtirish (35,8%) va plyajlar (35,4%) turizmning eng jozibador turlari sifatida qayd etildi. Yoshlar orasida (35 yoshgacha) ekstremal sport, festival turizmi hamda agroturizmga qiziqish ortib bormoqda.

Respondentlar mamlakat bo‘ylab sayohat qilishda turoperatorlar xizmatlariga murojaat qilmasdan, mustaqil ravishda sayohat qilishni afzal ko‘rishadi. Yiliga kamida bir marta ichki sayohatlarni amalga oshiradigan respondentlarning 52,6 foizi ularni o‘zlari tashkil qilishlarini aytdi.

Respondentlarning 67,7 foizi dam olish joyini tanlashda tanishlar, do‘stlar va qarindoshlarning tavsiyalariga asoslanishini, 50 foizi ijtimoiy tarmoqlar, 31 foizi esa maxsus saytlardan foydalanishini ta’kidladi.

Ichki turizm muammolari

So‘rov doirasida O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishda turli omillardan qoniqish darajasi baholandi (5 balli tizimda). Uning asosida ekspertlar muammolarning 3 guruhini ularning ahamiyatiga ko‘ra aniqladi:

I. Eng dolzarb omillar: yo‘llarning sifati (bu omilni respondentlarning 74,8 foizi qayd etgan), mehmonxonada narxlari (71 foiz) va transport (69,3 foiz), suv ta’minotidan qoniqish (69,3 foiz), internetga ulanishdan qoniqish (68,8%), transport xarajatlari (67,8%) va sanitariya punktlari mavjudligi (66,6%).

II. O‘rta ahamiyatga ega bo‘lgan omillar: turistik xaritalar va ma’lumotlarning mavjudligi (65,3%), transport topish (64,1%), umumiy ovqatlanish joylarida gigiyena va sanitariya (62,5%), elektr energiyasi ta’minoti (61,5%)

III. Boshqa omillar: Internetdan diqqatga sazovor joylar haqida ma’lumot topish (60,1%), mehmonxona xizmati (57,7%), mehmonxona topish (57,2%) va ovqatlanish joylarini topish (50%).