29-aprel kuni Xalq deputatlari Nurafshon shahri kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududga hokim tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, shahar hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Muzaffar Soliyevni egallab turgan vazifasidan ozod qilish to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Muzaffar Soliyev 7-apreldagi qaror bilan o‘z lavozimidan ozod etilgandi.

Kun.uz manbasiga tayanib xabar berishicha, Soliyev uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimida ishlagan vaqtidagi holat bilan bog‘liq ish bo‘yicha tergovga jalb etilgan bo‘lishi mumkin.

Sessiya ishida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi va Nurafshonda tadbirkorlikni rivojlantirishda ko‘plab muammolar borligini ta’kidladi.

Nurafshon shahri hokimi lavozimiga Ilhom Qilichxanov nomzodi viloyat hokimi tomonidan tavsiya etildi. Muhokamalardan so‘ng nomzod deputatlar o‘rtasida ovozga qo‘yildi va tasdiqlandi.

Ilhom Mahmudjonovich 1986-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2007-yil Toshkent davlat texnika universiteti, 2014-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavr bosqichini, 2018-yilda magistratura bosqichini tamomlagan.

Lavozimga tayinlangunga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.