Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchi qizlarning stadionda mushtlashgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Avvaliga 10 dan ortiq qizlar to‘p bo‘lib ketayotganini ko‘rish mumkin, so‘ngra ular ikki alohida guruhga bo‘linadi. Kadr ortidan esa holatni suratga olayotgan yigitlarning luqma va kulgilari eshitiladi.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining juma kuni xabar berishicha, hodisa 25-aprel kuni soat 16:30 atrofida Bulung‘ur tumanidagi “Diyor” sport majmuasi hududida sodir bo‘lgan.

Qizlar tumandagi 22 va 23-maktablarning 8-sinfda o‘qiydi. Mojaro qizlarning bir-birlariga nisbatan haqoratli so‘zlarni aytgani sababli yuzaga kelgan, deyiladi xabarda.

Hozirda tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Uning natijalariga ko‘ra maktab jamoalari va ota-onalar ishtirokida muhokama o‘tkazish rejalashtirilgan.