28-aprel kuni Ukrainaga raketa uchirilishi natijasida raketalardan biri Cherkas viloyatining Uman shahridagi ko‘p qavatli turar-joy binosiga kelib tushgan. 16 kishi halok bo‘ldi, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati.

Halok bo‘lganlar orasida uch nafar bola ham bor, deya ma’lum qildi Cherkas viloyati ma’muriyati rahbari Igor Taburets.

17 kishi vayronalar ostidan olib chiqilgan, 18 nafar aholi tan jarohati olgan, 12 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Cherkas viloyatidan tashqari Dnepropetrovsk va Kiyev viloyatlari ham o‘qqa tutildi. Xususan, Dneprda xususiy turar-joy binosi vayron bo‘ldi, ikki yoshli qiz va 31 yoshli ayol halok bo‘ldi.

RIA Novosti Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib, Rossiya aviatsiyasi uzoq masofaga uchuvchi qanotli raketalar bilan guruhli zarbalar bergani, “Ukraina zaxiralarining oldinga siljishiga to‘sqinlik qilgani”ni ma’lum qildi.

“Bugun tunda Rossiya Aerokosmik kuchlari Ukraina Qurolli Kuchlarining zaxira bo‘linmalarini vaqtincha joylashtirish nuqtalariga havodan uchiriladigan uzoq masofali aniqlikdagi qurollar bilan guruhli raketa zarbasini berdi. Maqsadga erishildi. Barcha belgilangan obyektlar uriladi. Dushman zaxiralarining jangovar hududlarga yurishi to‘xtatildi”, — deyiladi xabarda.