O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashib, ochilish marosimida nutq so‘zladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi savdo va raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqish, yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish borasidagi ishlari jadallashtirilmoqda.

“Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, Jahon savdo tashkiloti talablari islohotlarimiz mazmuniga to‘la mos va biz ushbu nufuzli tashkilotga tezroq a’zo bo‘lib kirishdan manfaatdormiz. Hozirgi vaqtda a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar olib borish hamda milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti qoidalari bilan uyg‘unlashtirish qizg‘in bosqichda. Yil yakuniga qadar sezilarli natijalarga erishish bo‘yicha aniq rejalarni olganmiz”, — deydi prezident.

шавкат мирзиёев, investitsiya forumи

Davlat rahbari, shuningdek, ijro hokimiyati tizimida byurokratiyani kamaytirish, korrupsiyani yo‘q qilish, ixcham, samarali boshqaruvni joriy etish maqsadida “dadil ma’muriy islohot boshlangani”ni bildirdi.

Prezident investorlarga “yagona darcha” orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yilgani va prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshlaganini ma’lum qildi.

“Men xorijiy kompaniyalar vakillari va ishbilarmonlar bilan ko‘proq muloqot qilishga intilaman. Sizlarning g‘oya, taklif va tashabbuslaringiz menga kuch-g‘ayrat beradi, yangi islohotlarga undaydi. Shu bois yangi-yangi investorlar bilan tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishga, sizlarning yurtimizdagi yutuqlaringizni shaxsan kafolatlashga tayyorman”, — ta’kidladi prezident.

Investorlar huquqlarini sud orqali kafolatli himoya qilish borasida ham ishlar borayotgani bildirildi.

“Bu borada ma’muriy sudlarning nufuzi oshirildi va ularga katta vakolatlar berildi. Bundan buyon tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas. Endi davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi”, — dedi u.

Prezident, bundan tashqari, qonunlarda xalqaro arbitraj sudlari qarorlarini majburiy ijroga qaratish mexanizmlari mustahkamlab qo‘yilgani haqida gapirdi.

“Joriy yilda ham tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo‘yicha islohotlarimiz davom ettiriladi. Jumladan, xalqaro ekspertlar ko‘magida taрихимizда ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi davlat rahbari.

шавкат мирзиёев, investitsiya forumи

Prezident O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lini qat’iy davom ettirishini bildirdi. Ayniqsa, ACWA Power (Saudiya Arabistoni), Masdar (BAA), Total Eren (Fransiya) kabi jahonning eng nufuzli kompaniyalari mamlakatda yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirayotgani ta’kidlandi. Shu yilning o‘zida 2 ming megavattdan ziyod, keyingi yilda esa 8 ming megavattli quvvatlar ishga tushadi.

Davlat rahbari investorlarni quyosh panellari, shamol turbinalari, invertor va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etilayotgan “yashil iqtisodiyot” sanoat loyihalarida ishtirok etishga taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mahsulotlar bozori 8 milliard dollarga baholanmoqda.

2023-yilda O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha 1000+1000+40 dasturini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Gap 1 mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana 1 mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga chiqarilishi, iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona IPO ga olib chiqilishi haqida bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston uchun sanoatni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Masalan, bugungi kunda to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari yetarli xomashyo bazasi va malakali kadrlarga ega, deb hisoblaydi u.

“Ya’ni shu sohalarda „katta sakrash“ qilib, ulardagi ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Buning uchun bizga yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar kerak. Bularni olib keladigan investorlarga biz barcha sharoitlarni yaratish, alohida texnopark hamda sanoat zonalari tashkil qilish va boshqa qo‘shimcha imtiyozlarni yaratib berishga tayyormiz. Bu borada vazirlarga topshiriq berganman. Ular sizlarga forum sessiyalari davomida 160 ta yirik va o‘zaro manfaatli loyihalarni taqdimot qiladi”, — dedi prezident.

Davlat rahbari “investorlar muvaffaqiyatini kafolatlashini” yana bir bor ta’kidladi.

“Sizlar o‘zingiz istagan tinchlik va barqarorlik, qulay investitsiya muhiti hamda zarur kafolatlarni aynan bizning yurtimizda topasiz. Bunga men prezident sifatida kafolat beraman. Yangi O‘zbekiston Sizning biznes faoliyatingizda alohida yorqin iz qoldiradigan makon bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman”, — dedi u.

Prezident avvalroq 2023-yilda Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvi xususiy sektorga topshirilishini ma’lum qilgandi.