Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Annageldi Yazmuradov boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi davomida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining uchinchi yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Prezident maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev qo‘shma komissiyaning O‘zbekiston tomoni raisi sifatida qatnashdi.

Yig‘ilishda Turkmaniston hududida joylashgan O‘zbekiston suv xo‘jaligi obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar uchun “vaxta” rejimini bekor qilish hamda “Tallimarjon-Tallimerdjen” va “Drujba-Gazodjak” chegara postlari faoliyatini qayta tiklash, Amudaryo suv resurslarini birgalikda boshqarish tizimini va ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

“Suvchilarning millati bo‘lmaydi. Biz yagona millat, bir xalq vakillarimiz. Tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Turkmaniston hududida joylashgan O‘zbekistonning suv xo‘jaligi obyektlari, xususan, Qarshi magistral kanali, Amu-Buxoro mashina kanali va Tuyamo‘yin GES majmualari ishlashi ta’minlanmoqda”, — dedi yig‘ilishda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev.

Bundan tashqari, Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash va o‘zanlarini to‘g‘rilash orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish hamda suvning to‘siqsiz o‘tish choralarini ko‘rish, “Tuyamo‘yin gidrouzeli Sultonsanjar to‘g‘onida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” hamda “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital qayta tiklash” (Faza-3) loyihalari doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga Turkmaniston hududiga kirish vizalari berish ko‘rib chiqildi. Ko‘rilgan masalalar yuzasidan bayonnoma imzolandi.

Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2024-yilda Turkmanistonning Turkmanobod shahrida o‘tkaziladi.

Turkmaniston prezidentining 2022-yil iyul oyidagi O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha 19 ta hujjat, jumladan, Amudaryo suv resurslarini boshqarish, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi bitim ham imzolangandi.