25-apreldan yerusti halqa metro yo‘lining II bosqichi doirasida qurib bitkazilgan 5 ta bekatda yo‘lovchi tashuvlari boshlandi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Unda sinov tariqasida poyezdlarning texnik qatnovi 24-mart kuni boshlangandi.

“Qo‘yliq” bekatidan “Quruvchilar” bekatigacha bo‘lgan 5 ta yangi stansiyaning umumiy uzunligi 7,74 kilometrni tashkil etadi. Ularga hozircha yangi nom berilmagan.

Endilikda Toshkent metropolitenining bekatlari soni 48 taga yetdi. Yerusti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlanishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan ziyod, bekatlar soni 50 ta bo‘ladi, deyiladi vazirlik xabarida.

“Do‘stlik” metro bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan metro liniyasining birinchi bosqichi 2020-yil avgust oyida ishga tushirilgandi. O‘sha yilning dekabr oyida Chilonzor liniyasining davomi bo‘lgan Sergeli filiali ochilgan.

Hozirda yana ikkita stansiyani o‘z ichiga olgan, uzunligi qariyb 4 km bo‘lgan “Quruvchilar” — “Qipchoq” bekatining (Sergeli liniyasining 5-bekati) qurilishi davom etmoqda. Hozircha ushbu yo‘nalishda avtobuslar harakat qiladi.