Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan hamkorlikda 27 va 28-aprel kunlari YeIning sanksiyalari bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil qiladi, deb xabar qildi ittifoqning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

“Seminarlarning asosiy maqsadi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari va ularning qo‘llanilishi haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, ushbu choralarni chetlab o‘tishga qarshi kurashishda hamkorlik qilishdir”, — deyiladi xabarda.

Seminarlar Toshkent shahrida ingliz va rus tillarida o‘tkaziladi, o‘tkazish joyi keyinroq ma’lum qilinadi.

27-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan tadbirda davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etadi. 28-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan seminar O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari haqida xabardorligini oshirishdan manfaatdor bo‘lgan xususiy kompaniyalar uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyining oxiriga YeIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devida O’Sallivanning ham O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan. Avvalroq u Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy etgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tish bilan bog‘liq davlatlarga tashrif buyurayotganini aytgandi.