Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay fransuz televideniyesiga bergan intervyusida sobiq SSSR davlatlarining suverenitetini shubha ostiga oldi. Diplomatning so‘zlari keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi hamda Xitoyni rasman bayonot berishga majbur qildi. Mazkur holat yuzasidan nimalar ma’lumligi haqida — “Gazeta.uz"ning qisqacha sharhida.

Mojaro mohiyati

21-aprel kuni Lu Shay Fransiyaning La Chaîne Info (LCI) telekanaliga bergan intervyusida sobiq SSSR davlatlarining suvereniteti va Qrimning Ukrainaga tegishli ekanligiga shubha bilan qaradi.

Efirda boshlovchi Darius Rosheben diplomatdan Qrim (yarimorol 2014-yildan beri Rossiya tomonidan vaqtincha ishg‘ol qilingan — tahr.) Ukraina tarkibiga kiradimi, deb so‘radi. Bunga Lu Shay: “Bu masalaga qanday qarashingizga bog‘liq. Tarix bor. Qrim boshidanoq Rossiyaga tegishli bo‘lgan. Xrushchev Sovet Ittifoqi davrida Qrimni Ukrainaga tortiq qilgan edi”, — deya javob berdi (TF1 Info telekanalidan iqtibos).

Jurnalist xalqaro huquq Qrimni Ukraina hududi sifatida ko‘rishini aytganida, elchi hatto sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari ham xalqaro huquqda “amaliy maqomga ega emasligi”, chunki “ularning maqomini suveren davlat sifatida mustahkamlab beradigan xalqaro shartnomaning o‘zi yo‘qligini” ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: SSSR 1991-yil 26-dekabrda rasman o‘z faoliyatini to‘xtatgan. O‘sha vaqtga kelib barcha 15 ta sobiq Ittifoq respublikasi o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Mamlakatlarning har biri keyinchalik jahon hamjamiyati tomonidan xalqaro-huquqiy jihatdan tan olingan va BMTga qabul qilingan. Ularning suveren maqomini tan olish uchun alohida xalqaro shartnoma talab qilinmaydi.

Xalqaro hamjamiyat bunga qanday munosabatda bo‘ldi?

Xitoy elchisining bu so‘zlari sobiq SSSR mamlakatlarida ham, Yevropa Ittifoqida ham keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi.

Litva, Latviya va Estoniya Xitoy diplomatik vakillarini tushuntirish olish va norozilik bildirish uchun chaqirdi. Lu Shayning bayonotlari Ukraina, Fransiya, Germaniya va boshqa qator Yevropa davlatlarida ham tanqid qilindi.

Jumladan, Latviya tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs Lu Shayning so‘zlarini “butunlay qabul qilib bo‘lmas” deb atadi. “Xitoy tomonidan tushuntirishlar va bu bayonotga to‘liq raddiya kutmoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi diplomat.

“Litva SSSR tarkibiga kirmagan. Moskva bizning hududimizni noqonuniy bosib olgan, shuning uchun biz mustaqilligimizni tiklangunga qadar va Qizil Armiya uyiga qaytgunicha qarshilik qildik. Biz postsovet davlat emasmiz va hech qachon sovet bo‘lmaganmiz”, — deya ma’lum qildi Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis.

“Xitoy vakilining mustaqil va suveren davlatlar haqidagi mulohazalari yolg‘on va tarixni noto‘g‘ri talqin qilishdir. Xalqaro huquqqa ko‘ra, Boltiqbo‘yi davlatlari 1918-yildan beri suveren, ammo 50 yil davomida [Sovet Ittifoqi] tomonidan bosib olingan”, — deb yozdi Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxkna.

Ukrainaning Fransiyadagi elchisi Vadim Omelchenkoning aytishicha, Lu Shayning so‘zlari Xitoyning rasmiy pozitsiyasiga ziddir. “Bu yerda noaniqlikka o‘rin yo‘q. Qrim — Ukraina. Sovet imperiyasi endi yo‘q. Tarix davom etmoqda”, — dedi u.

“Postsovet hududidagi barcha mamlakatlar xalqaro huquqda mustahkamlangan aniq suveren maqomga ega… “Qrim tarixi"ning absurd variantini o‘zining ming yillik tarixiga hassoslik bilan yondashadigan davlat vakilidan eshitish g‘alati. Agarda yirik siyosiy o‘yinchi bo‘lishni istasangiz, rossiyalik autsayderlarning propagandasini takrorlamang…” — deb yozdi Ukraina prezidenti devonxonasi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podalyak.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Lu Shayning so‘zlaridan ta’sirlangan barcha mamlakatlar bilan “to‘liq birdamlik” bildirdi va Xitoyni bu izohlar mamlakat pozitsiyasini aks ettiradimi yoki yo‘qligini aniqlashga chaqirdi.

Germaniya ham Pekinni aniqlik kiritishga chaqirdi. “Biz Xitoy o‘z pozitsiyasini aniq aytishini kutamiz. Bu davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi daxlsizdir”, — dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kristian Vagner.

Yevropa Ittifoqi diplomati Xosep Borrel ham Xitoy elchisining bayonotlarini qabul qilib bo‘lmas deb atadi. “Yevropa Ittifoqi bu bayonotlar Xitoyning rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, deb taxmin qilishi mumkin”, — dedi u.

Yevroparlament deputatlari Fransiya tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna nomiga Lu Shayni persona non grata (ishonchni yo‘qotgan — tahr.) sifatida tan olishni talab qilgan ochiq xatni imzoladi.

“Elchining so‘zlari faqatgina tegishli xalqlarning tarixi, madaniyati va fundamental yaxlitligini chuqur haqorat qilibgina qolmay, balki bashorat qilinadigan diplomatik munosabatlarga bog‘liq bo‘lgan asosiy tamoyillarga putur yetkazishga qaratilgan. Xitoy yoki o‘zga bir davlat boshqalarning suverenitetini shubha ostiga qo‘yishga haqli emas. Suverenitet diplomatik o‘yinchoq emas, balki xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq va BMT Nizomining ajralmas qismidir”, — deyiladi xatda.

Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘iston bu mavzuda rasman munosabat bildirdi. Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarov Qozog‘iston Xitoy TIVga nota yubormasligini ma’lum qildi. U Xitoy Qozog‘iston suverenitetini birinchilardan bo‘lib tan olganini ta’kidlab, “[elchining] gaplarini burib, butunlay boshqa mavzuga olib kelmaslikka” chaqirdi.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev Kun.uz nashriga bergan izohida ushbu fikrlarga munosabat bildirishdan oldin uni o‘rganish zarurligini ta’kidladi. “Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, buni diqqat bilan o‘rganish kerak. Balki Xitoy tomonining so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingandir”, — dedi u.

Xitoyning munosabati

“Xitoy sobiq sovet respublikalarining Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin tuzilgan suveren davlatlar maqomini hurmat qiladi”, — deya ma’lum qildi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin.

“Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Xitoy birinchilardan bo‘lib tegishli davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Xitoyning Fransiyadagi elchixonasi bayonot tarqatib, elchining so‘zlari “siyosiy bayonot emas, balki shaxsiy qarashlarni ifodalagani"ni bildirdi. U Xitoyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasi “tadrijiy va aniq” ekanini qayd etib, Pekin “Ukraina inqirozining siyosiy yechimiga hissa qo‘shishga” tayyorligini aytib o‘tdi.

Keyinroq elchining fransuz va xitoy tillarida bergan intervyusi yozuvi elchixona rasmiy ijtimoiy tarmoqlaridan o‘chirildi.