O‘zbekistonning birinchi mintaqaviy aviakompaniyasi Silk Avia 25-aprel kuni o‘zining ilk tijoriy reyslarini amalga oshiradi. Aviatashuvchining saytida hamda aeroportlarda joylashgan kassalarda chiptalar sotuvi boshlandi.

Haftalik reyslar quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:

  • Toshkent — Termiz — Toshkent (haftasiga 2 marta);
  • Toshkent — Navoiy — Toshkent (haftasiga 2 reys);
  • Toshkent — Namangan — Toshkent (haftasiga 4 marta);
  • Toshkent — Qarshi — Toshkent (haftasiga 4 marta);
  • Toshkent — Buxoro — Urganch — Buxoro — Toshkent (haftasiga 5 marta);
  • Toshkent — Samarqand — Urganch — Samarqand — Toshkent (haftada 7 marta).

“Bizda 3 ta samolyot mavjud bo‘lsa-da, turoperatorlar tomonidan tavsiya etilgan qulay uchish va kelish vaqtlarini ta’minlagan holda uchish jadvaliga eng ommabop yo‘nalishlarni kiritmoqdamiz. Biz nafaqat Toshkentni viloyatlar bilan, balki viloyatlarni ham o‘zaro bog‘lashga harakat qildik. Yangi samolyotlar kelishi bilan jadvallar o‘zgaradi va kengayadi”, — deyiladi aviakompaniya matbuot xizmati xabarida.

Birinchi bosqichda parametrlari va narxi bilan farq qiluvchi 3 ta tarif ishlab chiqildi. ODDIY tarifi yengil sayohatlar uchun juda mos. Chipta narxi faqat 5 kg og‘irlikdagi qo‘l yukini ko‘zda tutadi (sumka maxsus o‘lchamga sig‘ishi kerak — 40×30×20 sm) va bagaj, pulni qaytarish va chiptalarni qayta bron qilishni nazarda tutmaydi.

OSON tarifi ham “bagajsiz” va budjet tarifidan chipta pulini qaytarish yoki uni boshqa sanaga qayta bron qilish imkoniyati bilan farqlanadi. Ushbu yo‘nalishdagi eng qimmat OMAD tarifiga 20 kg gacha bo‘lgan bagaj, qayta bron qilish va chiptani qaytarish kiradi. Aviachiptalar narxi 180 ming so‘mdan boshlanadi. Biroq eng qimmat tarif narxini hisobga olgan holda ham, aviachiptalar narxi boshqa aviakompaniyalarning mavjud tariflaridan 50% gacha arzon.

30-aprelga qadar barcha yo‘nalishlarga chiptalar, shu jumladan, “qaytariladigan” va “bagajli” chiptalar eng arzon ODDIY tarifi narxida — marshrutga qarab 17 evrodan 35 evrogacha sotiladi.

“Bizning vazifamiz odamlarni respublika bo‘ylab A nuqtadan B nuqtaga tez, ishonchli va arzon tashiydigan kam budjetli aviakompaniya yaratish edi. Parvozlar vaqti qisqa — bir soatdan ikki soatgacha. Bortda ovqatlanish, ko‘rpa-to‘shak, yostiq, salfetka va chipta narxini sezilarli darajada oshiradigan boshqa narsalar yo‘q. Biz faqat 0,25 litrli plastik qadoqlarda suv tarqatamiz. Buning evaziga aviachipta narxini temiryo‘l transporti narxiga yaqinlashtirishga muvaffaq bo‘ldik”, — deya qo‘shimcha qildi aviatashuvchi matbuot xizmati.