O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi.

“Qalblarimiz quvonch va ezgulik nuriga to‘lib turgan ushbu saodatli damlarda avvalo mana shunday qutlug‘ va munavvar kunlarga el-yurtimiz bilan birgalikda sog‘-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz”, — deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida hayotning barcha sohalari qatori diniy yo‘nalishdagi ishlar ham yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganini ta’kidladi. “Keyingi yillarda sizlar bilan birga bu borada ulkan ishlarni amalga oshirayotganimiz xalqimiz, jamoatchiligimizga yaxshi ma’lum, albatta”

“Mo‘min-musulmonlarimizga ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev. — Bu haqda so‘z yuritganda, umra ziyorati bo‘yicha kvota bekor qilingani, haj ziyoratiga boruvchilar soni 3 barobar oshirilganini qayd etish zarur. Xususan, birgina joriy yilning o‘tgan davrida 31 ming nafardan ortiq vatandoshlarimiz Makka va Madinada muqaddas ibodatlarni bajarib, el-yurtimiz haqqiga ezgu duolar qilib qaytganlarini ta’kidlash o‘rinli”.

“Ayni vaqtda yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan tabarruk qadamjolar obod qilinib, ehtiyojmand kishilar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilayotgani ham Ramazon oyining ahamiyati va fayzu shukuhini oshirishga xizmat qilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’naviy qadriyatlarni tiklash va e’zozlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, biz bunday savobli ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz”, — dedi prezident.

“Biz jonajon Vatanimizda tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlikni saqlash, xalqimiz hayotini yanada erkin, obod va farovon etishni maqsad qilgan ekanmiz, o‘tgan davr mobaynida erishgan barcha yutuqlarimiz, jumladan, vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni har tomonlama mustahkamlab borishimiz kerakligini, buni hozirgi va kelgusi taraqqiyotimiz taqozo etayotganini hammamiz yaxshi anglaymiz, albatta”, — dedi u.

Prezident bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan, inson qadri, uning huquq va erkinliklari, hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning yanada samarali va bardavom bo‘lishi uchun jon kuydirib, o‘z taqdiri va kelajagiga chuqur mas’uliyat hamda daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarga, ko‘pmillatli butun xalqqa chin dildan minnatdorlik bildirdi.