Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan qiz otasi-onasi tomonidan kaltaklanayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB axborot xizmati ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 16-aprel kuni taxminan soat 11:30 da Koson tumani “Qorabayir” mahallasida yashovchi 2009-yilda tug‘ilgan X.G. onasi — 1982-yilda tug‘ilgan M.M. hamda otasi — 1978-yilda tug‘ilgan T.R. tomonidan kaltaklangan.

Holat voyaga yetmagan qizning amakisi tomonidan videotasvirga olinib, ichki ishlar organlariga xabar berilgan.

Hozirda voqea ishtirokchilarining barchasi aniqlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.

Voyaga yetmagan qizning otasi T.R. ruhiy kasalliklar dispanseriga tekshirish uchun yuborilgan. Jabrlanuvchi X.G.ga nisbatan yetkazilgan jarohatlarni aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.