Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqish hamda korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. Davlat rahbarining matbuot kotibi xabariga ko‘ra, prezident tadbirkorlarga kredit yukini yengillashtirish zarurligini ta’kidladi.

So‘nggi olti yilda bu sohada jami 527 mln dollarlik 177 ta loyiha ishga tushirilgan. Xorijiy investitsiyalar 9 barobarga ortib, 35 ta korxona xalqaro GMP standartini joriy etgan. Natijada ishlab chiqarish 3 barobarga, eksport 5 barobarga oshgan.

Lekin mahsulotlar bozorini topish, sifat va raqobat borasida masalalar ko‘pligi sababli 2022-yilda ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan. Import esa oshgan.

Tarmoqda umumiy qiymati 725 mln dollarlik 207 ta loyihani amalga oshiriladi, shundan 68 tasi bu yil ishga tushirilishi kerak.

Shuning uchun “Asakabank” loyihalarning 25 foizgacha qismiga o‘z ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etishi belgilandi. Mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish va aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga 300 mln dollar uzoq muddatli kredit resurslari jalb qilinadi. Bank huzurida farmatsevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatadi.

Shuningdek, yig‘ilishda kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga, 400 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va 670 million dollarlik import o‘rnini qoplash mumkinligi aytildi. Buning uchun korxonalarga 18 oygacha muddatda 1 mln dollargacha “revolver” kredit, eksportchilarga tushum sug‘urtasini garovga olgan holda 2 mln dollargacha kredit beriladi.

Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va moddalarni xorij texnologiyasi asosida O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilishda sohadagi ko‘plab korxonalarni GMP sertifikati talablariga moslashtirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Toshkent farmatsevtika klasteridagi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.