Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabda o‘qituvchilarni do‘pposlagan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.

Aniqlanshicha, 2023-yil 14-aprel kuni soat 12:00 larda Uzun tumanidagi 31-sonli o‘rta ta’lim maktabining direktor xonasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda 34 yoshli erkak (o‘qituvchi) ikki nafar ayol o‘qituvchilar bilan janjallashib, ularga tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan 18-aprel kuni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.Tergov harakatlari davom etmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holatga munosabat bildirib, video e’lon qildi.

“Bo‘lib o‘tgan holatni ko‘rib dahshatga tushdim. Ziyolilar qatlami, ustozlar orasida bir-biriga qo‘l ko‘tarishlar juda achinarli holatdir”, — deydi vazir. Hilola Umarova, shuningdek, ayol o‘qituvchilar shifoxonada vazirlik nazoratida davolanayotganini ma’lum qildi.