Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida Samarqand shahridagi jamoat transporti uchun 350 ta elektrobus xarid qilish va tegishli infratuzilmani yaratish bo‘yicha 95 mln dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda viloyat transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha 2 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Hozirda birinchi bosqich bo‘yicha ishlar ketmoqda. Jumladan, uzunligi 10,5 metr bo‘lgan dastlabki 100 ta elektrobus uchun uskunalar xarid qilish va elektrobus parkini qurish maqsad qilingan.

100 ta elektrobus sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga ko‘ra, Xitoyning Yutong Bus Co.Ltd kompaniyasi g‘olib bo‘lgan. Kompaniya “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi bilan 29,7 mln yevro miqdorida shartnoma imzolagan.

100 ta elektrobusdan 6 tasi 2023-yilning birinchi yarim yilligida, qolgan 94 tasi esa uchinchi chorak yakunigacha yetkazib berilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, YeTTB Samarqand shahri uchun elektrobuslar partiyasi, ular uchun quvvatlash shoxobchalari va boshqa infratuzilma obyektlarini sotib olishga 95 mln yevrogacha mablag‘ ajratishi mumkinligi xaqida yozgandik.

“Tashabbus shaharning YeTTBning „Yashil shaharlar“ dasturiga rasmiy kirishi bo‘ladi. Loyihaning amalga oshirilishi Samarqandni ishonchli va barqaror jamoat transporti bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, elektr transportiga o‘tish atmosferaga chiqindi gazlar ajratilishini ham kamaytiradi. YeTTB O‘zbekiston tomoniga loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun bilim, tajriba va imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, u elektroavtobus operatorini yaratish va uning asosiy jarayonlarini yo‘lga qo‘yishni nazorat qiladi”, — deyilgandi xabarda.

Ma’lumot uchun, 8-aprelda Toshkentga Xitoyda ishlab chiqarilgan 233 ta avtobus va elektrobus keltirilgandi. Shundan 203 tasi Yutong elektrobus va avtobuslari, 30 tasi esa o‘ta katta sig‘imli (18 metrli) King Long avtobuslaridir.