Samarqand shahrida bolani muntazam ravishda kaltaklab kelgan enagaga sud hukmi o‘qilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon axborot dasturida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, urgutlik 37 yoshli sudlanuvchi ayol Samarqand shahrida ijarada yashab, tanishining farzandiga enagalik qilgan. Evaziga onadan ijara pulining yarmini olgan.

“Menda hozir farzand yo‘q, lekin senda ikkita farzand bor. Mayli, sening bolalaringga qarashaman, deb aytganman”, — dedi sudlanuvchi. Ammo ona ishda bo‘lgan paytida enaga bolani muttasil ravishda urib, qiynab kelgan.

“Balki ayasiga bo‘lgan alamimni bolasidan olgim keldimi, farzandsizligim qattiq ta’sir qildimi, nimaga hammaga [farzand] beradi, menga bermaydi dedimmi… Hamma narsa bo‘ldi, hamma narsani o‘yladim. Bir marta urdim, lekin yaxshigina urdim. Masalan, qo‘lidan chimchiladim, qorin sohasidan chimchiladim, yuziga urdim, orqasiga — dumba sohasiga urdim”, — dedi enaga.

Ta’kidlanishicha, ayol aybini yashirish maqsadida badani ko‘kargan bolani dugonasiga berib, uni davolatish uchun 500 ming so‘m pul taqdim etgan. Bola nafas olishda qiynalgani sababli ayol uni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand viloyati filialiga olib borgan.

Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaning chap yuz, yonoq va burun sohalarida shilinma, ko‘krak, ikkala qo‘l va oyoqlarida jarohatlar aniqlangan. Qovurg‘alarning sinib siljishi kabi jarohatlar hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lgan jarohatlar, deya baholangan va u o‘tmas jismlar ta’sirida yetkazilgani ko‘rsatilgan.

“Ijara pulining yarmiga yordam bersangiz bo‘ldi, dedi. Ijara haqi 150 dollar edi. 75 dollar berasiz dedi. Bolamning pampersini, oziq-ovqatlar, meva-chevalarni — hammasini yetkazdim. Shifoxonaga borganimda shifokorlar kirishimga ruxsat bermadi. Ular „Sen ham shunaqa onamisan, bolangni kimga berding, kuchukka o‘xshab talab tashlabdi-ku“, — deyishdi”, — deydi ona.

Sudlanuvchi sudda qilmishidan pushaymon ekanini, bu ishga jahl ustida qo‘l urganini aytdi. “Meni kechirishini xohlayman. To‘g‘ri, u qizning o‘rnida men bo‘lganimda, hech qachon kechirmasdim, qamatmasdim, o‘ldirib yuborgan bo‘lardim”, — dedi sudlanuvchi.

Sud raisi ishda to‘plangan dalillarni tahlil qilib, enaganing jinoiy harakatlariga qonuniy baho berdi. Enaga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “v” bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Avvalroq Chilonzor tumanida enaga 6 yoshli nogiron bolani kaltaklagani, holat yuzasidan tuman IIO tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgan edi.