Toshkent shahri Uchtepa tumani IIB xodimlari ko‘p qavatli uylar devorlariga giyohvand moddalar sotuvchi internet do‘konlar flayerlarini yopishtirib yurgan 29 yoshli R.G.ni qo‘lga oldi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Erkak bu ishni 2022-yilning oktabr oyida internet orqali topganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, kserokopiya bilan shug‘ullanuvchi 26 yoshli tanishi Z.K. pul evaziga flayerlarni ko‘paytirishda unga yordam bergan.

“Gazeta.uz”ga Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 161-moddasi (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) va 194-moddalari (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

“Narkograffiti” qo‘llanishi yoki dori vositalarini reklama qiluvchi varaqalar tarqatilishiga guvoh bo‘lgan poytaxt aholisidan 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘raladi.