O‘zgidromet xizmati agentligi ish haftasi davomida — 17−21-aprel kunlari kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.

Cho‘l hududlarda va Farg‘ona vodiysida shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat +12…+15 daraja, respublika shimolida +7…12 daraja atrofida bo‘ladi. Kechasi harorat +2…+7 darajagacha, shimolda ba’zi joylarda -3 darajagacha pasayadi.

19-apreldan boshlab antitsiklon respublika hududidan chekina boshlaydi va ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 21-aprelga kelib kechasi +4…+9 darajani, kunduzi +20…+25 darajani tashkil etadi.

Dushanba kuni sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida hafta davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Hafta boshida havo harorati +12…+15 daraja atrofida bo‘ladi. Dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi harorat +2…+4 darajagacha pasayadi.

19-apreldan ish haftasining oxirigacha kechalari harorat +4…+7 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi asta-sekin ko‘tariladi va juma kuniga kelib harorat +20…+23 darajagacha ko‘tariladi.