Toshkent shahridagi tumanlardan birining mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i jinoyat ustida qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Qayd etilishicha, DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.

Jarayonda poytaxt tumanlaridan birining mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i fuqaroga noqonuniy ravishda harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga o‘z xizmat avtomashinasida undan 600 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Boshqa bir holatda esa Sirdaryo viloyatidagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlaridan birining direktori yoshlarni kasbga o‘rgatish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbaridan uning o‘quv markazida tahsil olayotganlarning darslarga qatnashish holatini monitoring qilmaslik va MCHJ faoliyati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 300 dollar talab qilib, muqaddam 2 mln so‘m olgani gumon qilinmoqda.

DXX xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 1,4 mln so‘mni o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi, deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur mansabdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.