“Gazeta.uz” tarixda nom qoldirgan, ma’naviy-ilmiy merosi bilan kelajakka ta’sir ko‘rsatolgan, siyosat maydonida ovozi, o‘rniga ega ayollar haqida hikoyalarni davom ettiradi. Bu safargi hikoya Amerika tarixiga shov-shuvli hukmlari bilan kirgan mashhur sudya, millionlab xotin-qiz taqdiriga daxldor hukmlar chiqarilishiga erishgan huquqshunos Rut Beyder Ginzburg haqida.

Tarix shunisi bilan qiziqki, dunyoning bir nuqtasida ro‘y bergan voqea boshqa tarafidagi mamlakat taqdirida ham aks etadi. So‘nggi oylarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va erkinliklari hamda ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasi qator fojiali voqealar fonida bir necha bor baralla yangradi va, oxir-oqibat, 12-aprel kuni ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun qabul qilindi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining amaldagi vitse-prezidenti Kamala Harris — u bunday yuksak lavozimni egallagan mamlakat tarixidagi ilk ayol hisoblanadi; AQShda turli davlat va jamoat tashkilotlariga rahbarlik qilayotgan, yillik aylanmasi bir necha o‘n, yuz milliard dollar bo‘lgan kompaniyalarni boshqarayotgan yana boshqa ko‘plab nufuzli ayollarni misol qilib keltirish mumkin. Bugun AQShda bu odatiy hol, odatiy manzara. Ammo ko‘pning orzusidagi ushbu demokratik o‘lkada ham bir asr avval ayollarning yuqori lavozimlarda ishlashi, erkaklar bilan jamiyatda teng ovozga ega bo‘lishi, saylash va saylanish huquqi cheklangan, hatto oshkora kamsitilardi.

Xotin degani ro‘zg‘or va bolalar tarbiyasini eplasa bo‘ldi qabilidagi stereotip jamiyatda hukmron edi. Imkon berilsa, ayol ham baland marralarga yeta oladi, davlat rivojiga hissa qo‘shib, tanlagan sohasining professionali bo‘lishi mumkin. Buni amalda AQShning eng mashhur sudyasi, umri oxirigacha ayollar huquqi uchun kurashgan “Notorious RGB” — Rut Beyder Ginzburg isbotlagan.

“Tarixdan dars bersa ham mayli…”

1933-yilning martida Nyu-Yorkning asosan o‘rta qatlam aholisi yashaydigan qismi — Bruklinda savdogar, asli Odessadan Amerikaga hijrat qilgan yahudiy Natan va kelib chiqishi avstriyalik yahudiy Seliya Beyder oilasida tug‘ilgan Rut mamlakat Oliy sudi sudyasi lavozimini egallaguniga qadar filmlarga asos bo‘lgulik kunlarni boshdan kechiradi.

Bir yoshdan o‘tganida opasi meningitdan vafot etgach, yolg‘iz u oilaning ovunchog‘iga aylanadi. Uning haqiqiy ismi Joan bo‘lib, o‘sha yillari qizaloqlarga Joan ismi qo‘yish urf bo‘lganiga, u boshqalardan ajralib turishi uchun vaqtincha Rut deya chaqirib turiladi. Bu esa vaqti yetib, kitoblarga sarlavha bo‘ladi, tarafdorlarining “Rutsiz haqiqat haqiqat emas” (No truth without Ruth) degan sevimli shioriga aylanadi.

Onasi Seliya akasi tufayli o‘qishini davom ettirolmagani, orzularidan 15 yoshidayoq voz kechishga majbur bo‘lgani uchun qizini o‘qitishga, ilmli xonimga aylantirishga qaror qiladi. “Qizim tarix fani o‘qituvchisi bo‘lsayam mayli” deya kutubxonaga birga borar, qanday kitoblar o‘qishi kerakligini bittalab tushuntirar, bolasining ta’limiga alohida e’tibor berardi. Sinfida a’lochi bo‘lgan Rut yuqori maktabga o‘tgan payti onasiga saraton tashxisi qo‘yiladi va oradan to‘rt yil o‘tib, qizining bitiruv kechasi kuni jon beradi.

“Martin menda miya borligiga ishongan yagona erkak”

Suyanchidan ayrilgan Rut endi shunchaki tarix o‘qituvchisi emas, huquqshunos bo‘lishga, jamiyatdagi andazalarni parchalashga ahd qiladi. Kornell universitetiga to‘liq grantni yutib olgani qarorini qat’iylashtiradi. O‘qishning birinchi semestrini tugatgach, bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i, Kornell talabasi, soliq huquqi mutaxassisi Martin (Marti) Ginzburg bilan tanishadi va ular 1954-yili, Rut o‘qishini tamomlagach, oila qurishadi. “Marti — menda qup-quruq kalla emas, miya borligiga ishongan yagona erkak”, deydi u intervyularining birida.

Rafiqasining qiziqish va intilishini to‘la qo‘llab-quvvatlagan Martin Ginzburg ham uning yuridik faoliyatidagi to‘siqlarni yengishda doim yonida turgan. Uy-ro‘zg‘or ishlari o‘zaro taqsimlangan. Pishir-kuydirni yaxshi ko‘radigan Martin xonadonda bosh oshpazligini o‘rtoqlaridan yashirmagan: “Rafiqam pazandachilik bo‘yicha menga hech qanday maslahat bermaydi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmaydi, men ham huquq borasida unga biror jo‘yali gap aytolmayman”. Rutning feministik qarashlari va huquq sohasidagi karerasiga Kornellning ikki professori — yozuvchi Vladimir Nabokov hamda konstitutsiyaviy huquq bilimdoni Robert Kashmen ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan.

To‘ng‘ich farzandi Jeyn tug‘ilmasidan Martin harbiy xizmatga chaqirilgan, shu bois oila ikki yilni Oklahomada o‘tkazadi. Xizmat muddati tugagach, er o‘qishni davom ettirish va xotin huquqshunoslikni puxta o‘rganish uchun Massachusetsga — Harvard huquq maktabiga yo‘l oladi. Ayni shu yillari Martinda saraton aniqlanadiyu, bor mas’uliyat — ona, talaba, ishchi, boquvchilik vazifalari Rutning zimmasiga tushadi. Aksiga olib huquq maktabidagi yoqimsiz muhit tobora og‘irlashar, ayol talabalarni kamsitish, masxaralash avjiga chiqar, 500 dan ortiq yigit orasida bor-yo‘g‘i 9 xotin-qizning ovozi, o‘rni deyarli bilinmasdi. Shunga qaramay, dekan va professorlarning istehzoli qarashi, piching-kinoyasini pinak qoqmay yenggan Rut akademik bilimlarni o‘zlashtirishda boshqalarni ortda qoldiradi, xususan, Harvard Law Review jurnali tahrir hay’ati a’zosiga aylangan ilk ayol bo‘ladi.

Xonimlikdan mustaqil shaxslikkacha

Baholari kursdoshlarinikidan yuqori va har qancha bilimli bo‘lmasin, Rut Ginzburg huquqshunos sifatida ish topishda ancha tentirashga, eshiklarni taqillatishga, bir necha rad javoblarini eshitishiga to‘g‘ri keladi. Qayerga bormasin, qo‘lidagi anketasi, salohiyatidan ko‘ra eng avval uning ayolligi, yosh bolasi borligi, ertaga yana tug‘ishi mumkinligi, ro‘zg‘or bilan o‘ralashib, ishini eplolmasligi kabi mayda, ammo davr uchun o‘ta “muhim” bahonalar sabab qilib ko‘rsatilaveradi.

Konferensiyalardan biridagi nutqida o‘tgan kunlarini eslarkan, u: “Onam menga doim ikki narsani uqtirardi — birinchisi, xonim bo‘lish, ikkinchisi, mustaqil shaxsga aylanish. Huquqni o‘qib-o‘rganish men tengi avlod ayollariga „yarashmas“ edi. 40-yillarda ulg‘aygan juda ko‘p qizlar uchun eng muhim daraja bakalavrlik emas, balki kimningdir xonimi (Mrs) ekaning edi”, degandi.

O‘sha paytda Amerikada huquqshunos ayollar barmoq bilan sanarli edi. Atigi ikki ayol federal sudya bo‘lib ishlagandi, xolos. Hartugul, Kolumbiya huquq maktabi professorlaridan biri joniga ora kirib, Nyu-York janubiy okrugi sudyasi Edmund Palmiyeriga tirishqoq talabasini tavsiya etadi, oddiy xizmatchi qilib ishga olinishida ko‘magini ayamaydi.

Palmiyeri qo‘l ostida ikki yilini o‘tkazgach, Rut o‘zini pedagoglikda sinagisi keladi va o‘n yilga yaqin Ratgers universiteti, keyinchalik Kolumbiya huquq maktablarida dars beradi. Ikkinchi maktab unga ko‘proq imkoniyatlar beradi. O‘qituvchilikdan tashqari Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi (ACLU)da Ayollar huquqlari loyihasi direktori sifatida ishlab, AQSh Oliy sudida gender tengligi bo‘yicha oltita ishning ko‘rib chiqilishiga erishadi va beshtasida uzil-kesil muvaffaqiyat qozonadi.

Malaka, bilim, iqtidor teng, ammo maoshlar turfa

1963-yili Ratgers huquq maktabiga ishga olinayotganida qiziq holat yuz beradi. Turmush o‘rtog‘i Martinning oylik daromadi, topish-tutishi yaxshiligi bois dekan Rutga kam maosh belgilaydi. Ish topgani, nihoyat unga ham ishonch bildirganlariga suyunib, Rut avvaliga bunga ko‘p ahamiyat bermaydi. Ikki yil o‘tib o‘g‘li Jeymsga homilador bo‘lgach, dekanat tuzgan shartnoma bekor qilishidan qo‘rqqan ayol keng-mo‘l, o‘ziga ikki-uch o‘lcham katta ko‘ylak kiyib yurishga majbur bo‘ladi. U 1969-yilga kelibgina doimiy o‘qituvchilikka qabul qilinadi.

1980-yil. Rut Ginzburgning okrug sudyasi sifatidagi ilk muddatga tayinlanishi. Foto: Academy of Achievement1980-yil. Rut Ginzburgning okrug sudyasi sifatidagi ilk muddatga tayinlanishi. Foto: Academy of Achievement

Amerika sovuq urushga sho‘ng‘ib, qurollanish poygasi avji pallasiga chiqarkan, jamiyatda ham ayollar o‘rni, huquqi tobora “muzlab” borardi. Gender tenglik, ayolning erkak bilan bir xil lavozimda bo‘lolmasligi, maoshdagi tafovut, ish joyidagi diskriminatsiya, saylov va ta’lim olishdagi notenglik — hammasi Ginzburg xonimning diqqat markazida turar, vaqti yetib bularga barham berish yo‘li-dasturini tuzib borardi.

“Men ayollarning huquqi bu deyavermayman, aksincha, erkak va ayolning teng fuqaroligi konstitutsion tamoyillar bilan mutsahkamlangan deyman”, deya ta’kidlardi u.

Ginzburg strategiyasi

ACLU’dagi faoliyati davomida bir necha sud ishlarida qatnasharkan, u sudni gender notenglikni birdan to‘xtatishga chaqirmaydi, aksincha, boshqacha yo‘lni tanlaydi — kamsitishga oid aniq moddalarni tanlab, har bir g‘alabasi oldidan shularga tayanadi. Moddama modda, qonunma qonun notenglik nimalarga olib kelishi, gender masalasi faqat ayollarga emas, erkaklarga ham ziyon keltirishini isbotlab beradi. Ginzburg strategiyasi so‘z tanlashga ham ta’sir qiladi. Bir necha chiqishlarida u “jins” (“sex”) o‘rniga gender (“gender”) so‘zini qo‘llaydi va bu ommaviy iste’molga kiritiladi.

Huquqning turli yo‘nalishlarida jinsiy diskriminatsiyani to‘xtatishga erishgan, ayollar huquqi himoyachisi sifatida tanilgan Rut Ginzburgni 1980-yili prezident Jimmi Karter Kolumbiya okrugi appelyatsiya sudi sudyasi etib tayinlaydi. Okrug sudyasi bo‘lib ishlarkan, u har bir detalga alohida e’tibor berib, keng tavsiflashlarini talab etgani uchun pragmatik liberal sifatida obro‘si oshadi.

1993-yili Nyu-York universitetining huquq fakultetida ma’ruza o‘qirkan, o‘sha paytlari shov-shuv ko‘targan, Oliy sud ayollarning abortni tanlash erkinligini konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yishiga asos bo‘lgan “Rou — Ueydga qarshi” ishi borasida mulohazalarini bayon etadi. Ushbu ish ayollarga homilaning yashab qolishi aniq bo‘lgunicha undan voz kechishi yoki qoldirish masalasini o‘zi hal etishi mumkinligi huquqini beradi. Bu masalada Ginzburga xonim qarashlarini aniq, sodda qilib ifodalaydi: “Ayol va erkak o‘rtasidagi tengliu uchun ayol abort borasida o‘zi qaror chiqarishi kerak. Agar bu masalada uning huquqi cheklansa, jins bo‘yicha uni diskriminatsiya qilgan bo‘lasiz”.

Rut Ginzburg Oliy sud sudyasi lavozimiga kirishishidan avval qasamyod qilmoqda. Suratda prezident Bill Klinton (chapdan birinchi), qo‘lida Injil tutib turgan xonimning turmush o‘rtog‘i Marti hamda marosimni boshqarayotgan bosh sudya Uilyam Renkvist (o‘ngdan birinchi). Foto: Academy of AchievementRut Ginzburg Oliy sud sudyasi lavozimiga kirishishidan avval qasamyod qilmoqda. Suratda prezident Bill Klinton (chapdan birinchi), qo‘lida Injil tutib turgan xonimning turmush o‘rtog‘i Marti hamda marosimni boshqarayotgan bosh sudya Uilyam Renkvist (o‘ngdan birinchi). Foto: Academy of Achievement

AQShni chinakam demkoratik davlatga aylantirishga bel bog‘lagan prezident Bill Klinton iqtidorga kelgach, davlat xizmatida, ayniqsa, sud-huquq tizimida ayollarga ko‘proq joy berilishi, ularning erkaklar bilan baravar haqqa ega chiqishini tez-tez tilga olaveradi. Oradan hech qancha o‘tmay, 1993-yili Ginzburg nomzodini nafaqaga chiqqan sudya Bayron Uaytning o‘rniga tavsiya etadi. Bu qaror avvaliga turli norozilik, katta-kichik bahslarga yo‘l ochadi. Lekin hammasi qanday tez boshlangan bo‘lsa, shunday tez yakunlanib, Senatda 96−3 ovoz bilan xonim nomzodi sudyalikka ma’qullanadi.

“Konstitutsiyani qarashlariga moslamaydi”

Mamlakat tarixidagi ikkinchi ayol sudya bo‘lgach, Ginzburg xonim chinakam — suddagi og‘zaki bahs-munozaralari, faolligi, pirpirak yoki to‘r yoqali mantiyalar kiyishi — ramzga aylanadi. Sandra O’Konnor Oliy sudda Rut Ginzburgdan 12 yil ilgari ish boshlaganiga qaramay, hamkasabasi kelmagunicha muassasada ayollar uchun alohida yuvinish xonasi va hojatxona bo‘lmagan. Rut bu muammoni ham tezda bartaraf etadi.

U har bir hukmni o‘ta ehtiyotkorlik chiqargani, yetti o‘lchab bir kesish uning asosiy qoidasi bo‘lgani haligacha e’tirof etiladi. Yurisprudensiya bo‘yicha olim Kass Sansteyn ham Ginzburg xonimga Konstitutsiyani o‘z qarash va qarichiga moslamaydigan, har bir ishni ikir-chikirigacha o‘rganadigan “ratsional minimalist” deb ta’rif beradi.

Ginzburg xonim bir necha o‘tkir, achchiq-achchiq so‘zlari bilan birdan jamoatchilik diqqatini tortadi va ko‘rib chiqiladigan ishning muhimligiga urg‘u berish uchun panadan chiqib, omma oldida baland ovozda gapirishga o‘tadi. 2007-yili ayollar huquqlari bo‘yicha ko‘rilgan abort masalasiga oid ishlar sudya xonimning faoliyati va obro‘siga ijobiy ta’sir qiladi.

Ayol abort qilish yoki qilmaslikni o‘zi tanlashi, bunda unga erkinlik berilishi shart, deya eski qonunlardagi bo‘shliqlarni keskin tanqid qiladi. Ikkinchi masala esa ayol ishchiga ham erkak ishchidek teng miqdorda maosh to‘lanishi haqida bo‘lib, aksar qarorlar AQSh Kongressi qarorlari bilan nomuvofiqligi baralla aytiladi.

2009-yili sudya Devid Souter va kelasi yili ikkinchi hamkasbi Jon Pol Stevensning pensiyaga chiqishi Ginzburg xonimni Oliy suddagi eng yuqori darajani egallashga imkon beradi. Shundan keyin bir necha mashhur va siyosiy ayblovlar bo‘yicha liberal qarashini ifodalagan, zamonasiga xos usulda yozilmagan maqolalarini e’lon qiladi.

“Notorious R.B.G” kim — sudya, feminist yoki muxolif?

2010-yilning 25-iyunida mamlakat tarixidagi yana bir ahamiyatli ish ko‘rib chiqiladi. Affordable Care Act (ko‘pincha “Obamacare” deb ataladi) qarori orqali sudya xonim shtat yoki federal nazorat ostida bo‘lishidan qat’iy nazar birja orqali sog‘liqni saqlash xizmatini sotib olgan har qaysi amerikalikka subsidiyalar berish va bu davom etishi shartligini isbotlaydi.

Har qanday masalani ochiq-oshkora, baland ovozda aytishga odatlangan Ginzburg xonim prezident Barak Obama boshqaruvi payti progressiv sudya degan nom chiqargan va hatto folklor qahramon degan maqtovlar ham yangrab turgan. Muammolar borasida ko‘pchilikka (ayniqsa, erkaklarga) yoqmaydigan, biroq jamiyat uchun o‘ta zarur muxolifona qarashlari sabab, Nyu-York universiteti huquq yo‘nalishi 2-kurs talabasi Tumblr ijtimoiy tarmog‘ida Ginzburga atab, amerikalik reper Kristofer Uollesning ijodiy laqabi — “Notorious B.I.G”dan ilhomlangani holda, “Notorious R.B.G” blogini ochadi va bu ta’rif xonim tarafdorlari, muxlislari orasida og‘izga tushib, uning taxallusiga aylanadi.

2016-yili xonimning o‘smirlikdan to sudyalikkacha bosib o‘tgan yo‘li jamlangan “O‘z so‘zlarim” (“My Own Words”) memuari chop etiladi va asar The New York Times’ning bestselleriga aylanadi. 2018-yili esa sudyaning hayot yo‘li aks etgan “RBG” hujjatli filmi, kelasi yili esa “On the Basis of Sex” (“Jins bo‘yicha”) badiiy filmi katta ekranlarda namoyish etiladi.

“Men muxolifman!”

Yoshi 80 ga yaqinlashgan, sog‘lig‘ini ancha yo‘qotgan Rut Ginzburgni ayrim liberallar nafaqaga kuzatish kerakligini aytib, Barak Obamadan munosib o‘rinbosar ko‘rsatishni so‘raydilar. Bu masala Donald Tramp prezidentlik davrida ham ko‘tariladi. Prezidentning iqtidori va qo‘lidan nimadir kelishiga shubhalangan Ginzburg xonim unga ochiqchasiga qarshi chiqar, hatto bir gal uni “firibgar, soxta” deb hamатаgaнди: “U firibgar. Beqaror odam. Xayoliga nima kelsa, o‘shani aytadi”. Keyinchalik sudya xonim bu so‘zlari uchun kechirim so‘rab, kelgusida ehtiyotkor bo‘lishini aytgan. 2018-yili prezident Oliy sud tarkibidagi keksa xodimlarni nafaqaga chiqarish bo‘yicha ro‘yxat shakllantirish zarurligini eslatganida, 84 ni to‘ldirgan sudya xonim 2020-yilgacha hech qayerga ketmasligi, to‘liq tarkib bilan shu muddatgacha qolishi haqida xabar beradi.

2013-yili Associated Press’ga intervyu berishdan avval suratga olish jarayonidan. Foto: AP2013-yili Associated Press’ga intervyu berishdan avval suratga olish jarayonidan. Foto: AP

Kundalik jismoniy mashqlarini kanda qilmaydigan, suddagi og‘zaki bahs-munozaralarda faol xonim qariganida ham tinmaydi. Qo‘lidan kelganicha, kuch-g‘ayrati yetgunicha odil sudlov bayrog‘ini tik tutib, “to‘liq tarkib”da ishini davom ettiradi. 1999-yildagi yo‘g‘on ichak, oshqozon osti bezi, 2018-yili aniqlangan o‘pka, kelasi yili qayta takrorlangan oshqozon osti bezi saratonini yenggan sudya xonim 2020-yilning 18-sentabrida taslim bo‘ladi — 87 yoshida jigar xastalanishidan vafot etadi.

Umr bo‘yi “Men muxolifman: adolatsizlik, notenglik, qotib qolgan tushunchalarga qarshi muxolifman” deb yashab o‘tgan xonimning bolalar va o‘smir qizlarga atab yozilgan “I dissent” kitobi bugun amerikalik o‘quvchilarning sevimli asarlari qatorida turadi. Xonim har doim: “Muxoliflar kelajak asr xususida so‘zlaydi. Eng ulkan norozilik sud nuqtai nazariga aylanadi va asta-sekin jamiyatdagi yetakchi qarashga evriladi. Shu bois, muxoliflarning umidi shu: ular bugun uchun emas, balki erta uchun kuyib-pishadilar”, deyishni kanda qilmagan va o‘zining misolida nafaqat kelajakka, yana bugungi zamon ravishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsata olgan.