Germaniyada 15-apreldan 16-aprelga o‘tar kechasi oxirgi uchta atom elektr stansiyasi elektr tarmog‘idan uzildi, deb xabar bermoqda BBC. Rasmiy Berlin buni Yevropaning ba’zi boshqa davlatlari, jumladan Fransiya, atmosferaga zararli chiqindilarni kamaytirish, elektr energiyasini arzonlashtirish va Rossiya energiya tashuvchilariga qaramlikni kamaytirish umidida atom energetikasiga sarmoyalarni ko‘paytirayotgan bir paytda amalga oshirdi.

Germaniyadagi barcha AESlarni 2022-yilga qadar yopish to‘g‘risidagi qaror ko‘p yillar avval, zilzila va sunami oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan Yaponiyadagi Fukusima atom elektr stansiyasidagi avariyadan ko‘p o‘tmay qabul qilingan edi.

Ekologik faollar va hukmron “yashillar” koalitsiya a’zolari atom stansiyalari xavfi va radioaktiv chiqindilarni saqlash bilan bog‘liq muammolarni aytib, AESlarni yopishni talab qilgandi. Biroq, aholining aksariyati (65%) atom elektr stansiyasidan voz kechishga qarshi chiqqandi.

Atom energiyasidan voz kechishning so‘nggi muddati Rossiya Yevropaga gaz yetkazib berishning keskin qisqartirgani sabab 2022-yil oxiridan 2023-yil apreliga ko‘chirilgandi.

O‘tgan yili oxirgi uchta atom elektr stansiyasi mamlakatdagi elektr energiyasining atigi 6 foiz ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, 1997-yilda atom elektr stansiyalari Germaniyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 30,8 foizini ta’minlagan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, energetika bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazorat ostida va atom elektr stansiyalari vaqt o‘tishi bilan demontaj qilinadi. Ularning eslatishicha, nemis gaz omborlari maksimal darajada to‘ldirilgan va suyultirilgan gazni qabul qilish uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan. Bu esa Rossiyadan gaz importini o‘rnini bosadi.

Shanba kuni Greenpeace vakillari Berlindagi Brandenburg darvozasida “Atom energiyasi nihoyat tarixning bir qismiga aylandi!” shiori bilan miting o‘tkazdi. Boshqa shaharlarda ham uchta atom elektr stansiyasining yopilishi nishonlandi.

“Kelajak atom energiyasi bilan bog‘liq emas. Kelajak qayta tiklanadigan energiya manbalariga tegishli. Bu bizning kelajagimiz bo‘ladi. Myunxenda 2008-yildan beri biz faqat qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishga e’tibor qaratdik”, — dedi Myunxen meri Diter Rayter (Euronews iqtibosi).

Germaniyaning energiya ta’minotida qayta tiklanadigan manbalarning ulushi allaqachon 40 foizdan oshdi. Greenpeace faollarining ta’kidlashicha, texnologiya rivojlanishi rasmiylar kutganidan tezroq sodir bo‘ldi.

BBCning qayd etishicha, Yevropadagi ayrim davlatlar butunlay boshqa yo‘ldan bormoqda. O‘tgan yilning boshida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6 dan 14 tagacha yangi reaktor qurishga va’da bergan edi, ulardan birinchisi 2035-yilgacha ishga tushirilishi kerak, shuningdek, mavjudlarining maksimal ishlash muddatini 40 yildan 50 tagacha uzaytirilishi mumkin.

Yevropaning Germaniyadan keyin ikkinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Fransiyada atom energiyasi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 70 foizini qoplaydi va bu mamlakatni, asosan, Italiya va Buyuk Britaniyaga energiya eksport qiluvchi yirik davlatga aylantirdi.