Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida 9 qavatli bino qurilishi sifati tanqid qilingan video tarqaldi.

Video muallifi tayanch ustunlar armaturasining ingichkaligi (10 mm) va ular orasi juda katta (70 sm balandlikda) ekanligini ta’kidlaydi. Erkak betonning sifatsizligi, yuzasi parchalanib ketganligiga ham e’tibor qaratadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchining vakili kadastr hujjatlari ikki kun ichida tayyor bo‘lishini aytgan.

O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mazkur video yuzasidan munosabat bildirar ekan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

“obyektda qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan hamda tegishli organlarga taqdim etish uchun zarur hujjatlar to‘planmoqda”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, 2022-yilda Qurilish nazorati inspeksiyasiga qurilishi yakunlangan binolarni foydalanishga topshirishga ruxsat berish bo‘yicha 16 576 ta murojaat kelib tushgani xabar qilingandi. Biroq 11162 ta obyekt bo‘yicha qurilish me’yorlariga rioya etilmaganligi sababli arizalar rad etilgan.