O‘zbekistonda pomidor narxi bir haftada 33 foizga tushib ketdi va bu pasayish tendensiyasining boshlanishi hisoblanadi, deb xabar bermoqda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududlarida meva, sabzavot, yong‘oq va rezavor bozori haqida ma’lumotlar beruvchi EastFruit portali.

Qayd etilishicha, sarxil pomidorning ulgurji narxi so‘nggi bir haftada keskin pasaydi, pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 32 foizga, qizil dumaloq pomidor esa 33 foizga arzonlashdi.

EastFruit ekspertlariga ko‘ra, qizil dumaloq pomidorning ulgurji narxlari ketma-ket ikkinchi hafta pasaygani hisobga olinsa, so‘nggi ikki hafta ichida ushbu mahsulot deyarli 40 foizga arzonlashgan.

Bozor ishtirokchilarining fikricha, bu ichki bozorda sarxil pomidor bo‘yicha taklif keskin o‘sishi bilan bog‘liq. Issiqxonalardan mazkur turdagi mahsulotni yetkazib berish hajmi ko‘paygan va, shu bilan birga, mamlakatning janubiy viloyatlaridan plyonka ostida tunnel usulida yetishtirilgan pomidor hosilining birinchi ulgurji partiyalari ham bozorga chiqdi.

EastFruit`ning narxlar monitoringiga ko‘ra, 7-apreldan 14-aprelga qadar qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 33 000 dan 22 000 so‘mgacha pasaygan. Ushbu mahsulot narxi ketma-ket ikkinchi hafta pasayib borayotgani inobatga olinsa, 31-martdan 14-aprelgacha qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 36 000 dan 22 000 so‘mga, ya’ni oxirgi ikki hafta ichida 39% ga pasaygan.

Shu bilan birga, joriy ulgurji narxlar o‘tgan yil darajasiga yaqinlashdi, 14-aprel holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasidagidan 16 foizga yuqori.

Pushti pomidor narxining pasayishi faqat shu haftadan keskin tarzda boshlandi. 7-apreldan 14-aprelga qadar ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 38 000 dan 26 000 so‘mga, ya’ni bir hafta ichida 31,5% ga pasaygan. Biroq qizil dumaloq pomidordan farqli o‘laroq, joriy ulgurji narxlar hali ham o‘tgan yilgi darajadan ancha yuqori. 14-aprel holatiga ko‘ra, pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasidan 1,5 barobar yuqoridir.

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarining yirik eksportyori — GDF Export kompaniyasi tijorat direktori Husan Haydarovning fikriga ko‘ra, so‘nggi bir haftada sarxil pomidor narxi bunday keskin tushib ketishiga ichki bozorda yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshgani sabab bo‘ldi.

“Anomal sovuq ob-havo chekinishi bilan taxminan yanvar oyining uchinchi o‘n kunligi o‘rtalaridan boshlab, issiqxonalarda gaz bosimi asta-sekin tiklana boshladi. Yanvar oyidagi anomal sovuq tufayli hosilni boy bergan issiqxonalarda yanvar oyi oxiri — fevralning boshida yana pomidor ko‘chatlari ekildi. Vegetatsiya davrini inobatga olsak, mazkur issiqxonalarda hozir pomidor hosili yig‘im-terimi boshlangan va bu mahsulotning ilk ulgurji partiyalari bozorga chiqa boshladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mart oyining ikkinchi o‘nkunligida qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 29 foizga va o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2 baravarga oshgandi. Mahsulot narxining oshishiga yanvar oyidagi anomal sovuq sabab sifatida ko‘rsatilgan.