Qozog‘iston va Xitoy o‘z fuqarolari uchun vizasiz rejimni o‘zaro joriy qiladi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov qarori loyihasida so‘z boradi, deb yozmoqda informburo.kz.

O‘zaro viza talablaridan ozod qilish ikki davlat o‘rtasidagi hukumatlararo kelishuvda ko‘zda tutilgan. Shartnoma tashqi ishlar vazirlari tomonidan 18−19-may kunlari Xitoyning Sian shahrida imzolanishi rejalashtirilgan.

Bitim loyihasiga ko‘ra, qozog‘istonliklar Xitoyda vizasiz, XXR fuqarolari esa Qozog‘istonda chegarani kesib o‘tgan paytdan boshlab 30 kundan ortiq bo‘lmagan va 180 kunlik muddatga 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qolishlari mumkin bo‘ladi.

Agar Qozog‘iston yoki Xitoy fuqarolari qo‘shni davlatlarda belgilangan muddatdan ko‘proq qolishni rejalashtirsalar, ular chegarani kesib o‘tishdan oldin viza olishlari kerak.

“Kelishuvning imzolanishi Qozog‘iston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni mustahkamlashga turtki bo‘ladi”, — deya ta’kidlanadi hukumat qarorida.

“Kursiv” nashrining yozishicha, bugungi kunda Xitoyga borishni xohlovchi qozog‘istonliklar uchun turistik vizaga murojaat qilish majburiy.

O‘tgan yilning iyul oyida Qozog‘iston Xitoy, Hindiston va Eron fuqarolari uchun 14 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilgan edi. Ushbu mamlakatlar fuqarolari uchun Qozog‘istonda vizasiz rejimda bo‘lishning umumiy muddati har 180 kunlik muddat ichida 42 kalendar kunidan oshmasligi lozim.

2021-yil mart oyidan boshlab Xitoy fuqarolari O‘zbekistonga 10 kun muddatga vizasiz kirishlari mumkin. O‘zbekiston fuqarolari esa Xitoyga borish uchun viza olishlari kerak.