O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya uch tomonlama gaz ittifoqi loyihasini muhokama qilishda muvaffaqiyatga erishdi, deya ma’lum qildi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. U bu haqda 14-aprel kuni Samarqandda MDH tashqi ishlar vazirlari va Markaziy Osiyo-Rossiya formatidagi uchrashuvdan so‘ng gapirdi.

“Uch davlat — Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston, jumladan, prezidentlar ushbu keng ko‘lamli loyihani muhokama qilishda faol oldinga siljishdi. Bu esa energetika xavfsizligini mustahkamlash imkonini beradi, albatta”, — dedi Rossiya TIV rahbari.

“Foyda hamma uchun bo‘ladi, chunki gaz yetkazib beruvchilar bor va bu gazga qiziquvchilar bor. Tomonlar ham tranzit shartlari, ham narx shartlari bo‘yicha kelishib olsa, barcha bundan qanoatlansa, hamma yutadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga uch tomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Rossiya tomoni “uch tomonlama gaz ittifoqi” to‘g‘risidagi taklif siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazib berishni nazarda tutmasligini, biroq u tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida bo‘lishini bildirgandi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov dekabrda O‘zbekistonda sovuq havo boshlanishi bilan boshlangan energetika inqirozi fonida O‘zbekiston gazni “qandaydir ittifoq yoki ittifoq yo‘li bilan emas, balki qo‘shnilardan — tijorat shartnomasi asosida import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani”ni aytgandi.

Yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi gaz sanoati sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan.