Activist loyihasi muallifi, bloger Hojiakbar Nosirov sudga advokati kiritgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rmasdan qoldirishni so‘rab ariza yozgan. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar qildi.

Hojiakbar Nosirov 5-aprel kuni o‘zining Telegram kanaliga yogurt mahsulotlari savdosi bilan bog‘liq video joylaganidan so‘ng, 15 sutkaga qamalgandi.

Mazkur ish bo‘yicha 2023-yil 14-aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga Hojiakbar Nosirovning advokat Sirojiddin Ishpulatov tomonidan apellyatsiya shikoyati kelib tushgan. Sud majlisi 2023-yil 14-aprel soat 15:00 ga tayinlangan.

Lekin, Hojiakbar Nosirov tomonidan advokatning shikoyatini ko‘rmasdan qoldirish haqidagi ariza keltirilgan. Shu sabab sud Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 324−4 (Apellyatsiya shikoyatini qaytarib olish) va 324−8-moddalariga (Apellyatsiya instansiyasi sudining vakolatlari) asosan, apellyatsiya shikoyatini ko‘rmasdan qoldirib, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqarildi.