Oliy ta’lim muassasalarining talabalari ta’lim bilan birga ishlashiga va qo‘shimcha daromad topishiga imkoniyat yaratish maqsadida ularga ikkinchi kursdan boshlab bo‘sh vaqtida ishlashiga ruxsat etilishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra:

  • talabalar ikkinchi kursdan (ayrim ta’lim yo‘nalishlarida ikkinchi kursdan keyingi kurslardan) boshlab oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan berilgan sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashiga ruxsat etiladi.
  • haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq to‘lanadigan stajirovka o‘tayotgan talabalarni ishga qabul qilishda sertifikat talab qilinmaydi;
  • talabalarni sertifikat asosida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashiga faqat oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan davrida ruxsat etiladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda:

  • talabalarga mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqini beruvchi sertifikat berish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
  • sertifikat beriladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati, sertifikatni ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qaysi kursdan boshlab berilishi, sertifikatni berishda inobatga olinadigan holatlarni belgilaydi.
  • tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirsin.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qish davrida mutaxassisligi bo‘yicha ishlashini inobatga olib, 2024-yilga qadar Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining klassifikatorini hamda malaka darajalariga erishish sxemasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘radi.

Mazkur qaror loyihasi regulation.gov.uz elektron portaliga joylashtirilgan va unga 27-aprelga qadar taklif kiritish mumkin.