O‘zgidromet xizmati agentligi direktori Sherzod Habibullayev 15−17-aprel kunlari sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

15−17-aprel kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib keladi. 15-aprelda respublika hududida, 16-aprelda Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.

Ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

17-aprelga havo harorati kechasi +2…+7 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajagacha pasayadi. 16−17-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlari shimolida harorat 0…+5 darajagacha, ba’zi joylarda −1…−3 darajagacha bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari +7…+12 darajagacha pasayadi.

15−17-aprel kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda qorga aylanadi) bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.