MTRK tarkibida prezidentning 2012-yildagi qarori bilan tashkil etilgan va 2013-yil yanvardan faoliyatini boshlagan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali “Karvon” nomi bilan qayta tashkil etilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Bu o‘zgarish jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgach, madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov telekanal nomida o‘zgarish bo‘lmasligini ma’lum qildi.

“Hafta davomida trendga chiqqan „Madaniyat va ma’rifat“ telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yig‘ilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi”, — deydi vazir.

Shu munosabat bilan u o‘zi uchun quyidagi masalalarni alohida belgilab olganini bildirdi:

  • telekanal nomini o‘zgartirmaslik;
  • ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
  • moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
  • mehnatga munosib haq to‘lash masalasini hal qilish;
  • badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bog‘liq masalalar.

Ozodbek Nazarbekovning ta’kidlashicha, “bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida ko‘rsatgan qat’iyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur”.

Jarayon tafsilotlari va jamoatchilik munosabatini ushbu havola orqali batafsil o‘qish mumkin.