Vashingtonda AQSh Milliy demokratiya fondi qoshida o‘tgan maslahatlashuvda Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi a’zolari, mutaxassislar, rasmiylar va diplomatlar O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash, o‘zbek paxtasiga nisbatan to‘xtatilgan global boykot borasidagi vaziyatni muhokama qildi, deya yozmoqda Amerika ovozi nashri.

Uchrashuv davomida “15 yillik kurashdagi yutuqlar, xususan, hukumat odamlarni zo‘rlab paxtaga olib chiqmayotgani, qishloq xo‘jaligidagi ishlar, mehnat sharoitini yaxshilash yo‘lida qabul qilingan qarorlar va qonunlar, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik kengaygani va boshqalar salmoqli progress deya baholangani” bildirildi.

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi asoschilaridan biri Bennett Frimanning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev ma’muriyatida mamlakat uchun qanday o‘zgarishlar va islohotlar zarurligini biladigan mutaxassislar anchagina, jumladan, vazirlar va ularning muovinlari. Biroq, uning tahlilicha, oxirgi bir yilda, boykot bekor qilinganidan buyon, hukumat kutilganidek harakat qilmayapti.

“Bilamizki, O‘zbekistonni boshqarayotgan odamlar davlat global iqtisodiyot bilan uyg‘unlashishini, uning muhim qismiga aylanishini istaydi. Xalqaro mehnat me’yorlarini hurmat qilish, inson huquqlari normalariga amal qilish — birlamchi vazifalar. Ularni e’zozlaymiz, deb so‘zdagina qutulib keta olmaysiz. Xorijdan bizneslar sizga sarmoya qilishi, sizga ishonishi uchun hali ko‘p ishlashingiz kerak”, — dedi u.

Mazkur xalqaro koalitsiya Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Bandlik va mehnat masalalari vazirligi bilan ishlagan. O‘tgan bir yil ichida bu organlarda rahbarlar yangilangan, ayrimlari shaklan o‘zgargan. Shuningdek, Senat raisi Tanzila Narbayeva va hozirda prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bilan yaqindan muloqotda bo‘lgan.

Bennett Frimanning so‘zlariga ko‘ra, Cotton Campaign O‘zbekistonda islohotlar samara berishiga ishonadi, chunki bunga guvoh bo‘lgan. Ammo bu — tinimsiz mehnat va kuchli siyosiy iroda talab qiladigan jarayon, deya eslatdi u.

“Respublika kattalar va bolalarning majburiy mehnatiga qarshi kurashda namuna sifatida tilga olina boshlagan, ammo bu nufuzdan ayrilish oson, agar shu kungacha erishilgan progressni saqlay olmasa, erkinlik va adolat mezonlariga bosh egilmasa. O‘zbekiston mehnat huquqlari va umuman inson huquqlari borasida jiddiy qadamlar tashlab, real ahvolni yaxshilamas ekan, orzular qog‘ozda qolaveradi, rejalar va yo‘l xaritalari safsata”, — dedi Friman.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro mehnat tashkiloti me’yorlari bo‘yicha harakat qilish kerak, bu borada yordamga tayyor tomonlar, xususan, nohukumat tashkilotlar va faollar uchun muhitni osonlashtirish lozim.

O‘zbekiston hukumati islohotlarga qaytib, o‘zi uchun yaratgan tarixiy imkoniyatni boy bermasin, deymiz. Mamlakat bo‘ylab majburiy mehnatga qarshi kurash tinmasin, muammolarga e’tibor berilsin”, — deya qayd etdi Friman.

O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Sidiqov bilan suhbatlashgan Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakillari, qiyinchiliklarga qaramasdan, umidga to‘la ekanini aytgan. Sidiqov ularga Mirziyoyev ma’muriyati majburiy mehnatga tamoman barham berishga bel bog‘laganini va sa’y-harakatlar to‘xtamaganini ta’kidlagan.

“O‘zbekiston hukumati oldida ikki yo‘l bor. Biri — repressiv tuzum bo‘lish. Ikkinchisi — ochilaverish va yosh mamlakatga farovon yurtga aylanish uchun imkoniyatlarni berish. Sarmoya va ish o‘rinlari kerakmi? Toshkent qay yo‘l ma’qul ekanini allaqachon bilishi kerak”, — deya bildirdi u.

Cotton Campaign koalitsiyasi 2009-yilda O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni 2022-yilning martida bekor qilgandi. Mazkur qaror 2021-yilda mamlakatda paxta yig‘im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilingan.

O‘zbekiston hukumati boykotni bekor qilish qarorini olqishlab, prezident matbuot kotibi bu boradagi islohotlar ortga qaytmasligi va bundan buyon ham qat’iy davom etishini ta’kidlagan, Senat raisi esa buni “tarixiy voqea” deb atagan.