11-aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun [O‘RQ-829-son] prezident tomonidan imzolandi. Hujjat 23-mart kuni Qonunchilik palatasi, 6-aprel kuni esa Senat tomonidan ma’qullangandi.

Qonun rasman e’lon qilingan kun — 11-apreldan boshlab kuchga kirdi.

Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish jinoyatlari jinoyatga tayyorgarlik yoki suiqasd bosqichida to‘xtatilganda, mazkur jinoyatlar uchun jazo tayinlashda yengillik berilmaydi.

Quyidagi jinoyatlarni sodir etganlarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilmaydi:

  • 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchi nomusiga tegish va uni jinsiy aloqaga majbur etish bilan bog‘liq jinoyatlar;
  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa yoki unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilish;
  • voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilish;
  • voyaga yetmagan shaxs ishtirokida qo‘shmachilik qilish, fohishaxona tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlar.

Ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanashi belgilandi.

Ilgari BHMning 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.

Nomusga tegish (118-modda) va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda) jinoyatlari uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Ilgari 3 yildan 7 yilgacha edi.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq xotiniga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.

18 yoshga to‘lmagan shaxslarni, yaqin qarindosh, sobiq xotin, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxs yoxud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik uchun javobgarlik belgilandi. Mazkur jinoyat 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik kiritildi. Unga ko‘ra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega shaxsga nisbatan:

  • mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish;
  • mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish;
  • ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, mazkur harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Yuqoridagi shaxslarni do‘pposlash, tan jarohati yetkazish yetkazilgan jarohatdan kelib chiqqan holda og‘irlashtiruvchi holatlarni keltirib chiqarsa, xususan, sog‘liqning uzoq vaqt (kamida 21 kun, ammo 4 oydan ko‘p bo‘lmagan davrda) yomonlashuviga yoki umumiy mehnat qobiliyatining 10 foizidan 33 foizigacha yo‘qolishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish sodir etilsa, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Voyaga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Jumladan:

  • 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
  • 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish — 2 yildan 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Avvalgi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan uning roziligi bilan jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganligini bahona qilib, javobgarlikdan ozod bo‘lib qolish imkoniyatiga ega edi. Yangi qonunda bunday shaxslarning javobgarligining muqarrarligi ta’minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan yoki bilmaganidan qat’iy nazar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.

14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan bo‘lmaganligidan qat’iy nazar jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo, ya’ni 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. Mazkur jinoyat og‘irlashtiruvchi holatlarda 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat bo‘lib, u sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi.

Agar huquqbuzar o‘qiyotgan bo‘lsa, jamoat ishlari o‘qishdan bo‘sh vaqtda bajariladi.

Haq to‘lanadigan jamoat ishlari quyidagi shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi:

  • pensiya yoshiga yetgan shaxslarga;
  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
  • homilador ayollarga;
  • 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • doimiy ishga ega shaxslarga;
  • harbiy xizmatchilarga.

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosiga aliment to‘lash majburiyati bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ma’muriy tartibda chiqarib yuborilmaydi.

Shahvoniy shilqimlik qilish, ya’ni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etish 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.

Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (47−4-modda), ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (47−5-modda) kabi ma’muriy qilmishlar quyidagi javobgarliklar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi:

  • 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga;
  • 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga;
  • ma’muriy jazolarning mazkur turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solishga.

Shuningdek, ota-onaning o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagani BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin.

Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanib, mazkur huquqbuzarlik BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘orda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa sabab bo‘ladi.

Bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga beriladigan himoya orderining muddati sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi belgilanmoqda.