12-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya sanoat va texnologiyalar vaziri Mustafo Varank boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda prezident ikki tomonlama hamkorlikda jadal sur’atni, barcha darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashganini qayd etdi. Misol tariqasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani, ustuvor tarmoqlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, mamlakatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar ko‘paygani ta’kidlandi.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalarini qo‘shma, shu jumladan, avtomobil sanoatidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, jumladan, istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish va uzoq muddatli sanoat dasturini qabul qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning topshirig‘iga binoan mamlakatga kelgan delegatsiya tashrifining maqsadi — Togg brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi milliy elektromobilni namoyish etish va topshirish”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunida elektromobilning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Vazir Mustafo Varank avtotransport vositasining texnik ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib, uning kalitini topshirdi.

Mamlakat yetakchisi minnatdorlik bildirib, Turkiya prezidenti va xalqini mashinasozlik tarmog‘ida erishilgan ulkan muvaffaqiyat — elektromobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani bilan qutladi. Davlat rahbari Turkiyada birinchilardan bo‘lib ishlab chiqarilgan ushbu elektromobil ruliga o‘tirib, uni haydab ko‘rdi.