Istiqbolli loyihalar milliy agentligi qozog‘istonlik taniqli tadbirkor, investor va jamoat arbobi Margulan Seysembayevni Toshkentga taklif qildi. Yakshanba kuni Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universitetida bo‘lib o‘tgan ma’ruzada u qishloq xo‘jaligining O‘zbekiston uchun afzalliklari, neyron tarmoqlarni tartibga solish va mamlakatning to‘siqlar bo‘yicha rivojlanish darajasi haqida gapirdi.

“O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlarni boqa oladi”

Margulan Seysembayev O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘zining qiyosiy ustunligidan foydalanishi kerak, deb hisoblaydi.

“Garchi Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham ilg‘or mamlakatlardan orqada qolgan bo‘lsa-da, bizning kuchimiz shundaki, bizda yaxshi agrar bor, biz yaxshi oziq-ovqat yetkazib beruvchisi bo‘la olamiz. Neyron, kompyuterlar va planshetlarni yaratishimiz mumkinligiga amin emasman, lekin biz chiroyli tarvuz, chiroyli rezavorlar, olma yetkazib bera olamiz”.

Tadbirkor O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berishi kerakligini ta’kidladi.

“Agar O‘zbekiston sanoatlashtirish yo‘lidan borsa, xato bo‘ladi, chunki Xitoy allaqachon sanoatlashtirishdan foydalanib ulgurdi. Xitoy dunyoning fabrikasiga aylandi va ularni takrorlashga urinish — ularning izidan borish demakdir. Bu nimaga kerak? Ular har doim bizdan zo‘rroq bo‘ladi. Hozir ularning sifati keskin o‘sib bormoqda, biz ishlab chiqarish hajmi va narxlar arzonligi bo‘yicha ham g‘alaba qozonolmaymiz. Albatta, milliy xavfsizlik masalalari mavjud. Biz ba’zi narsalarni o‘zimiz ishlab chiqarishimiz kerak, hatto buni eplay olmasak ham”.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, mamlakat birinchi navbatda o‘z yo‘nalishida kuchli bo‘lgan narsalarni ishlab chiqarishi kerak.

маргuлан сейсембаев, tadbirkor, o‘zбекистон, қозоғистон

“Menda samaradorlikning shunday qoidasi bor: kuchli tomoningni kuchaytir. O‘zbekiston nimada kuchli? Sabzavotlar, poliz ekinlari — yanada ko‘proq kuchaytirish kerak. O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlarni boqa oladi. Siz, hattoki rivojlangan mamlakatlarni ham boqa olasiz, bu esa marketing, qadoqlash, o‘z mamlakatingiz imijini qanday taqdim etishingizga bog‘liq. Siz nafaqat Rossiyaga, balki Yevropa, Dubay, Janubiy Koreyaga yetkazib berish uchun yuqori segmentga o‘tishingiz, barcha ekostandartlar va ekosertifikatlarni olishingiz kerak. Agar sizda ekostandartlar bo‘lsa, narx-navo ham qimmatroq bo‘ladi”.

Shu bilan birga, neyron tarmoqlarning rivojlanishi, robotlashtirish va avtomatlashtirish jarayoni qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga yordam beradi, deb hisoblaydi tadbirkor.

Neyron tarmoqlarni tartibga solish haqida

Margulan Seysembayevning ta’kidlashicha, neyron tarmoqlarning rivojlanishi ko‘plab sohalarda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. “Oliy ta’lim — birinchi raqamli xavf ostida, chunki neyronlar deyarli har qanday kasb egasini almashtirishi mumkin. Va neyronlar o‘rnini egallamaydigan kasblarni esa avtomatlashtirish yoki robotlashtirish almashtirishi mumkin”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, neyron tarmoqlar ofis xodimlari, mijozlar bilan ishlash bo‘yicha menejerlar yoki marketing va savdo-sotiq sohasi mutaxassislari kabi kasb egalarining o‘rinlarini egallashi mumkin. Bundan tashqari, avtomatlashtirish va robotlashtirish “ko‘k yoqali” ishchilarni almashtiradi. Buning oqibatida esa ishsizlik juda katta tezlik bilan osha boshlaydi. Bu muammoni faqat ommaviy jamoat ishlarini tashkil etish va shartsiz asosiy daromadni joriy etish orqali hal qilish mumkin, deb hisoblaydi u.

Tadbirkorning taxminicha, neyron tarmoqlar iqtisodiyotni hukumatning ushbu jarayon ta’sirini o‘zlashtirish qobiliyatidan ancha yuqori tezlikda o‘zgartira oladi. Natijada, hukumatlar neyron tarmoqlarini tartibga solishni boshlaydilar, chunki bu “atom bombasiga o‘xshaydi”, dedi u.

Margulan Seysembayev Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga neyron tarmoqlarni nazorat qilishni taklif qildi: “Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, siz kripto bozorini tartibga solish bilan shug‘ullanasiz, biroq siz neyron tarmoqlarni tartibga solishni ham boshlashingiz kerak”.

маргuлан сейсембаев, tadbirkor, o‘zбекистон, қозоғистон

“Agar devorlar bo‘lsa, unda jamiyatda ishonch yo‘q”

Tadbirkor iqtisodiy rivojlanish darajasi jamiyatdagi adolat darajasi bilan belgilanishini eslatib o‘tdi. Uning fikricha, mamlakatning rivojlanish darajasini binolarning devorlar bilan o‘ralganligi yordamida ham aniqlash mumkin.

“Men biron bir mamlakatga tashrif buyurganimda, darhol ushbu mamlakatning taxminiy rivojlanish darajasini aniqlay olaman. Qaysi parametr bo‘yicha deysizmi? Devor to‘siqlar yordamida. Men qarayman — xususiy uylar atrofi devorlar bilan o‘ralgan. Agar devorlar bo‘lsa, unda jamiyatda ishonch yo‘q”.

“Devorlar nima degani? Bu ishonch yo‘qligi demakdir. Jamiyatda ishonch yo‘qligi nima degani? Bu iqtisodiyotda yuqori tranzaksiyaviy xarajatlar borligini anglatadi. Bu huquqni muhofaza qilish organlarini saqlash uchun katta xarajat, xavfsizlik xizmatlarini saqlash uchun katta xarajat, notariuslarni saqlash uchun katta xarajat, advokatlarni saqlash uchun katta xarajat degani. Bu kemalarning og‘irlashuvi degani. Mana oddiy to‘siqlar nimani anglatadi”.