Buxoro viloyati Peshku tumanida fuqaro qo‘shnisiga tegishli eshakning quloqlarini kesib tashlagani va jonivor nobud bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, 6-aprel kuni soat 16:00 da 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro U.A. qo‘shnisi fuqaro J.X.ga tegishli eshakni tomorqa yeriga zarar yetkazgani sababli jonivorning ikki qulog‘ini kesgan, oradan vaqt o‘tib, jonivor ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida o‘lgan.

Holat ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Qayd etilishicha, 11-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahri sudida U.A. (muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ishsiz)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan yuritilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, fuqaro U.A. 15 sutkaga qamaldi.

“Birinchi instansiya sudining qaroridan norozi tomonlar belgilangan tartibda Buxoro viloyati sudiga apellyatsiya shikoyati, prokuror esa protest keltirishi mumkin”, — deyiladi Oliy sud axborotida.

Avvalroq Chiroqchi tumanida Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining buyrug‘i bilan “aholi xavfsizligi uchun” otib o‘ldirilgani, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.