Nozim Xusanov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

U vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga 2022-yilning so‘ngida tayinlangandi. Bungacha 2019-yil sentabr oyidan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. Sobiq rahbarning nima sababdan ishdan ketgani hozircha ma’lum emas. Vazirlik matbuot kotibi Faxriddin Hayitov “Gazeta.uz”ga bundan xabari yo‘qligini aytmoqda.

Nozim Xusanov 1976-yil Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini, 2002-yilda Toshkent moliya institutini (sirtqi bo‘lim) tamomlagan.

U 2010−2011-yillarda Markaziy bank Toshkent viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan, 2011−2013-yillarda Markaziy bank raisi o‘rinbosari, 2013−2014-yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2014−2016-yillarda “Mikrokreditbank” ochiq aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016-yilning bahoridan 2018-yil bahorigacha Toshkent shahar hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2018-yilning mayidan 2019-yilning sentabriga qadar Sergeli tumani hokimi bo‘lgan.