Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Namanganda IIB xodimlari va maxsus kuchlari homilador ayolni kaltaklashgani aytilayotgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, video jinoyat sodir etishda gumonlangan shaxs — Sherzod Umarovning qo‘lga olish maxsus tadbiri jarayonida olingan. Unda fuqaroning oila a’zolari xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatilishi oqibatida gumonlanuvchi yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.

Gap shundaki, Namangan shahri O‘zbekiston ko‘chasidagi xonadonda yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan Sherzod Umarov 1-aprel kuni soat 23:30 atrofida shaharning Bobur bog‘idan voyaga yetmagan qizni taksi sifatida uyiga olib borib qo‘yishini aytgan. Uni aldab, noma’lum manzildagi xonadonga olib borgan va zo‘rlik ishlatib nomusiga teggan.

Erkakning jinoyatga oid harakatlari Bobur bog‘i va atrof ko‘chalardagi kuzatuv kameralarida aks etgan. Shuningdek, hozirda jabrlanuvchining kiyimlari, badanidagi tan jarohatlari va zo‘rlik alomatlari yuzasidan tegishli sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, u 27-mart kuni soat 12:30 atrofida Namangan shahar Yoshlar majmuasi yonidagi chorrahada velosipedda harakatlanib ketayotgan vaqtida “VAZ-2106” avtomashinasida ketayotgan ikki nafar yosh yigitni yo‘lini to‘sganliklarini bahona qilib, ularni urib, do‘pposlagan va voqea joyidan yashiringan. Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra fuqarolarga “o‘rtacha og‘ir tan jarohati” va “yengil tan jarohati” yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan ham gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

U “Epilepsiya kasalligi bilan bog‘liq shaxsiyatning chuqur buzilishi, birlamchi generalizatsiyalashgan talvasa xurujlari” tashxisi bilan Namangan viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi 3-majburiy davolash bo‘limida nazoratda turadi. Muqaddam:

  • 2006-yilda Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan;
  • 2007-yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi “a” bandi bilan;
  • 2008-yilda Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi, 227-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan;
  • 2013-yilda Jinoyat kodeksining 118-moddasi 2-qismi “v,g” bandi, 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 2-qismi “v,g” bandi, 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi “a,v”bandi, 166-moddasi (Talonchilik) 2-qismi “v” bandi, 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a” bandi, 118-moddasi 3-qismi “a” bandi, 277-moddasi 2-qismi “v,b” bandi, 127-moddasi (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 2-qismi “a” bandi bilan;
  • 2021-yilda Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v,ye,l” bandlari bilan sudlangan.

“Suratdagi fuqaro ruhiy xastaligi hamda nihoyatda tajovuzkor ekanligini inobatga olib, uni uchratgan shaxslardan ehtiyot bo‘lishlarini hamda darhol 102 qisqa raqamiga yoki yaqin atrofdagi huquq tartibot organ xodimlariga xabar berishlarini so‘raymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.