Namangan shahrida 3 oy davomida 152 marta qoidabuzarlik qayd etilgan avtomobil aniqlandi, deya xabar qilmoqda viloyat YHXB matbuot xizmati.

2023-yil 31-mart kuni soat 23:30 larda Namangan shahar Davlatobod tumani Islom Karimov ko‘chasida 01 T 234 ZA belgili Hyundai Sonata avtomashinasi YPX inspektorlari tomonidan to‘xtatilib, haydovchilik guvohnomasi va avtomashina hujjatlari ko‘rsatilishi talab qilingan.

Haydovchi esa mashina unga tegishli emasligini aytib, hech qanday hujjatlar taqdim eta olmagan. Shundan so‘ng, transport vositasi belgilangan tartibda vaqtincha saqlab turish uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilganda, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi yo‘qligi, 01 T 234 ZA davlat raqam belgisi esa YHXX ro‘yxatidan o‘tkazilmagani aniqlangan.

Chust tumanida yashovchi 1990-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli bo‘lgan ushbu transport vositasida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar o‘rganilganda, haydovchi 2023-yilning shu vaqtiga qadar jami 152 ta qoidabuzarlik sodir etgani, bu ortidan yuzaga kelgan jarima summasi 410 million so‘m ekani aniqlangan.

Biroq davlat raqam belgisi haqidagi ma’lumotlar tizimda mavjud emasligi bois sodir etilgan huquqbuzarliklarga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarishning imkoniyati bo‘lmagan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.