10-aprel kuni prezident tomonidan imzolangan qonun [O‘RQ-828] bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Bungacha iste’mol kreditlari faqat mahalliy avtomobillar, maishiy texnika, tovarlar va xizmatlar uchun berilar edi. Endilikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan mahsulot va xizmatlar uchun kredit ajratishga ruxsat berildi.

Qonun bilan iste’mol tovarlari (xizmatlar)ni sotuvchi ishlab chiqarish korxonasi yoki tashkilotini iste’mol krediti olgan iste’molchi to‘g‘risida oldindan yozma ravishda xabardor qilish tartibi ham bekor qilinadi.

Bundan tashqari, avval jismoniy shaxslar boshqa fuqarolardan ikkilamchi bozorda avtomashina sotib olish uchun iste’mol krediti ololmagani bois, o‘z xizmatlari uchun komissiya olgan uchinchi shaxs sifatida yuridik shaxsni bitimga kiritishga majbur bo‘lardi.

Qonun bilan endi moliyaviy iste’mol krediti berish iste’mol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchining yoki realizatsiya qiluvchi subyektning (yuridik va jismoniy shaxsning) bankdagi hisob-varag‘iga bank yoxud boshqa kredit tashkiloti tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Moliyaviy iste’mol kreditining naqd pulda berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonun 11-apreldan e’tiboran kuchga kiradi.

Deputat Doniyor G‘aniyev avvalroq ushbu tuzatishlarning ahamiyatini tushuntirgan edi. “Bu mantiqsiz cheklov bir tomondan mamlakat aholisiga tanlov imkoniyatini cheklash orqali noqulaylik tug‘dirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan „mahalliylashtirish“ shiori ostida mahalliy monopollarni qo‘llab quvvatlash orqali aholi uchun taqdim etilayotgan tovar va xizmatlar narxining oshishiga va raqobatsiz muhit shakllanishiga xizmat qilib kelgan”, — degandi deputat.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil oktabr oyida imzolagan farmonga ko‘ra, 2019-yil 1-yanvardan boshlab faqat mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun iste’mol krediti berish talabini bekor qilish to‘g‘risida topshiriq berilgan edi.

2020-yil iyun oyida Vazirlar Mahkamasi ham ushbu talabni 2021-yil oktabrigacha olib tashlashga qaror qilgandi.

2020-yil iyul oyida Monopoliyaga qarshi qo‘mita iste’mol kreditlarini xorijda ishlab chiqarilgan tovarlarga, kreditning o‘zini esa naqd va xorijiy valyutada berishni taklif qilgan edi. Ammo bu o‘zgartirishlar jamoatchilik muhokamasidan keyin qabul qilinmadi.

“Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi 2022-yil sentabr oyida yakunlangan.