Jahon banki “O‘zbekistonda inson kapitali va suv infratuzilmasiga davlat xarajatlari samaradorligini oshirish” hisoboti taqdimotini o‘tkazdi.

Hujjatda sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, irrigatsiya, suv ta’minoti va kanalizatsiya sohalarida davlat xarajatlari va muammolar tahlil qilingan. Hisobot Davlat statistika qo‘mitasi va soha vazirliklari tomonidan taqdim etilgan statistik ma’lumotlarga asoslanib, 2015-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrda tegishli tarmoqlardagi tendensiyalarni yoritib beradi.

Ushbu tadqiqot O‘zbekiston hukumati so‘roviga ko‘ra tayyorlandi, deyiladi bank xabarida.

Hisobotda aytilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda soliq-budjet siyosati va davlat moliyasini boshqarishda yaxshilanishlar kuzatilmoqda. Bunda tadqiqot ko‘proq fuqarolarga yanada sifatli va qamrab oluvchi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlaydi.

Aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tegishli tarmoqlarda davlat xarajatlari samaradorligini, moliyaviy barqarorligini va natijadorligini oshirish hisobiga davlat xizmatlari sifatini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud, deyiladi xabarda.

Hisobotdan olingan quyidagi parchalar sog‘liqni saqlash, ta’lim, farovonlik, irrigatsiya, suv va kanalizatsiya sohalaridagi ba’zi muammolarni umumlashtiradi. Shuningdek, ularda ma’ruza mualliflarining tavsiyalari mavjud bo‘lib, ularning amalga oshirilishi iqtisodiyotning ushbu tarmoqlarida davlat xarajatlari samaradorligi va xizmatlar sifatini oshirish imkonini beradi.

Sog‘liqni saqlash

2019-yilda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga davlat xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,3 foizni tashkil etdi. Bu aholi jon boshiga daromad darajasi o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlar guruhining quyi qismidagi (O‘zbekiston ham ushbu guruhda) mazkur sektorga sarflangan xarajatlar darajasiga to‘g‘ri keladi, lekin, baribir, butun Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagidan (yuqori daromadga ega mamlakatlar bundan mustasno) past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ushbu sohada sifatli xizmatlar ko‘rsatishga ta’sir qiluvchi asosiy muammolarga quyidagilar kiradi:

  • sog‘liqni saqlash xizmatlariga sarflangan xarajatlarning daraja va samaradorligining pastligi;
  • har bir ishchiga to‘lanadigan ish haqining pastligiga qaramasdan, xodimlarning ish haqi va mukofotlaridagi davlat xarajatlarining juda yuqori ulushi;
  • shifoxonalar faoliyatini moliyalashtirish, ularning samaradorligi va natijadorligini rag‘batlantirishga qaratilgan tegishli mexanizmlarning mavjud emasligi;
  • uy xo‘jaliklari cho‘ntaklaridan sarflanadigan xarajatlarning katta qismi (barcha xarajatlarning 60% dan ortig‘i) sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishga, shuningdek, davlat tibbiy xizmatlar yetkazib beruvchilarga rasmiy va norasmiy to‘lovlarga yo‘naltiriladi;
  • shifoxonalarning tibbiy yordam sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan darajada tarmoqlanib ketishi;
  • kam ta’minlangan aholi orasida tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi;
  • aholining dori vositalari bilan yetarli darajada qamrab olinmaganligi.

Qisqa muddatda ushbu sektorda davlat xarajatlarini yaxshilash uchun Jahon banki quyidagi davlat siyosati choralarini tavsiya qiladi:

  1. sog‘liqni saqlashni rivojlantirishning yangi strategiyasini ishlab chiqishni yakunlash, sohada islohotlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslarni ta’minlash;
  2. aholining asosiy tibbiy xizmatlarga harajatlarini qisqartirish maqsadida yangi strategiyada nazarda tutilgan sog‘liqni saqlashga davlat budjeti xarajatlarini oshirish;
  3. tegishli tibbiy xizmatlarni to‘lash va rejalashtirish funksiyalarini birlashtirgan strategik xaridlar agentligini yaratish.

Uzoq muddatli istiqbolda quyidagi davlat siyosati tavsiya etiladi:

  1. umummilliy elektron sog‘liqni saqlash va klinik axborot tizimini yaratish;
  2. sog‘liqni saqlash infratuzilmasi, kadrlar resurslari, asbob-uskunalar va bemorlarga yordam ko‘rsatish usullarini rivojlantirishning bosh rejasini ishlab chiqish;
  3. shartnomalar tuzish shartlarida hisobdorlik va shaffoflik tizimini ishlab chiqish, yagona sifat standartlari va xaridlarni nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish orqali sog‘liqni saqlash ehtiyojlari uchun strategik xaridlar jarayonlarini takomillashtirish;
  4. hududiy darajadagi shifoxonalarni konsolidatsiya qilishi (birlashtirish).

Ta’lim

Ta’limga davlat xarajatlari 2019-yilda YAIMning 5,6 foizini, 2021-yilda esa 6,2 foizini tashkil etdi. 2019-yilda umumiy ta’lim xarajatlarining eng katta qismini davlat umumiy o‘rta ta’limga (65 foizga yaqin), ikkinchi o‘rinda maktabgacha ta’limga (21 foiz), oliy ta’limga (10 foiz) va kasb-hunar ta’limiga (4 foiz) sarfladi.

Jahon banki ekspertlarining fikricha, mamlakatda ta’lim sifatini oshirish kerak. Ayni paytda O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lgan talaba mehnat unumdorligining atigi 62 foiziga erishadi.

Shu bilan birga, hududiy miqyosda bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan ta’lim xarajatlarida sezilarli farqlar mavjud. Masalan, Toshkentda umumiy o‘rta ta’lim tizimida bir o‘quvchiga 2,15 mln so‘m to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Navoiyda 2019-yilda 72 foizga o‘sib, 3,7 mln so‘mni tashkil etgan.

Qisqa muddatda ushbu sektorda davlat xarajatlarini yaxshilash uchun quyidagi davlat siyosati tavsiya etiladi:

  1. ta’lim sifatiga, ta’limdan teng foydalanish imkoniyatiga va ta’lim tizimining jamoatchilik oldidagi mas’uliyatiga alohida e’tibor qaratuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  2. ayni vaqtda sinovdan o‘tkazilayotgan ta’lim sifatini umummilliy tizimli baholashni joriy etish;
  3. KOVID-19 pandemiyasi davrida maktablarning yopilishi va uyda o‘qish tufayli yo‘qolgan bilimlarni tiklash strategiyasini amalga oshirish.

Uzoq muddatli istiqbolda quyidagi davlat siyosati tavsiya etiladi:

  1. pedagog kadrlarning malakasini oshirish, ta’limning barcha bosqichlarida (maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim) pedagog kadrlarni jalb qilish, ushlab turish va rivojlantirish tizimini isloh qilish;
  2. ta’limni jadal rivojlanayotgan iqtisodiyot ehtiyojlariga, shu jumladan, yanada zamonaviy ko‘nikma va bilimlarga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojlarga mos ravishda ishlab chiqish va uyg‘unlashtirish;
  3. o‘quv dasturlarini yangilash va takomillashtirishga, o‘qituvchilik mahorati va talabalarni baholashga alohida e’tibor qaratish;
  4. ta’lim tizimini institutsional o‘zgartirish strategiyasini amalga oshirish, uning ko‘proq operatsion avtonomiyasi, yanada maqsadli moliyalashtirilishi va samarali boshqaruvini ta’minlash.

Aholini ijtimoiy himoya qilish

O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilishning keng qamrovli tizimi mavjud, biroq uning samaradorligi davlat budjeti mablag‘larining noadekvat sarflanishi (2019-yil holatiga ko‘ra), statistik ma’lumotlarning yetarli emasligi va tarqoqlik bilan cheklanadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy yordamga sarflangan mablag‘lar yalpi ichki mahsulotning 1 foizidan ham kamrog‘ini tashkil qildi (2019-yil), bu xalqaro standartlardan ancha past. Bu ijtimoiy yordam uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratish obyektiv ehtiyojlar bo‘yicha emas, balki hududiy kvotalar bo‘yicha amalga oshirilgani bilan izohlanadi.

Jamoat ishlari kabi faol bandlikka ko‘maklashish dasturlari mamlakatda nisbatan yangi hodisadir. Ularni amalga oshirish uchun budjet jami xarajatlarining arzimas ulushi (YAIMga nisbatan 0,085 foizga yaqin) ajratilgan.

O‘sib borayotgan demografik yuk mamlakat pensiya tizimini isloh qilish va mustahkamlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishni taqozo etmoqda. Shunday qilib, pensiya xarajatlarining ulushi 2015-yildagi YAIMdagi 5,9 foizdan 2018−2019-yillarda YAIMning 4,8 foizigacha kamaydi. Bu mehnatga layoqatli aholi daromadlari o‘sishiga nisbatan pensiyalarni indeksatsiyalashda kechikilayotganidan dalolat beradi, deya qayd etadi Jahon banki.

Qisqa muddatda ushbu sektorda davlat xarajatlarini yaxshilash uchun quyidagi davlat siyosati tavsiya etiladi:

  • aholining eng zaif qatlamlari uchun ish joylaridan foydalanishni ta’minlash uchun aholi bandligini ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishni ko‘paytirish (masalan, zaif guruhlardan ishchilarni yollaydigan korxonalar uchun imtiyozlar berish orqali);
  • aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari tegishli vakillarining haqiqiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda manzilli yondashuv asosida barcha muhtojlarni qamrab olish uchun ijtimoiy yordamni moliyalashtirishni oshirish;
  • aholini ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlashda ishtirok etuvchi turli institutlarning rolini oydinlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish dasturlari samaradorligi va natijadorligini monitoring qilish hamda baholash uchun mas’ul organni tayinlash;
  • shuningdek, pensiyalarni indeksatsiya qilish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish.

Uzoq muddatli istiqbolda quyidagi davlat siyosati tavsiya etiladi:

barcha ijtimoiy himoya dasturlari amalga oshirilishini va ularning milliy ijtimoiy himoya strategiyasiga muvofiqligini nazorat qiluvchi ixtisoslashtirilgan vazirlik yoki idorani tashkil etish;

ijtimoiy himoyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha statistik ma’lumotlarni ushbu sohadagi davlat siyosatidagi o‘zgarishlar uchun dalillar asosida to‘plash;

pensiya yoshini oshirish, pensiya huquqlarini hisobga olishda yanada moslashuvchan yondashuvni qo‘llash, shuningdek, pension moliyalashtirishning solidar tizimini isloh qilish.

Irrigatsiyada suv resurslarini boshqarish

O‘zbekistonning irrigatsiya va drenaj infratuzilmasi shoshilinch modernizatsiyaga muhtoj, deya ma’lum qildi Jahon banki. Mamlakatning deyarli barcha qishloq xo‘jaligi irrigatsiyaga bog‘liq. Barcha foydalaniladigan suvning 90% sug‘orma dehqonchilikka sarflanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mavjud drenaj tizimi maydonining 75 foizi rekonstruksiyaga, suv nasoslarining 70 foizi kapital ta’mirga muhtoj, magistral kanallarning barcha infratuzilmasining 66 foizi filtratsiyaga qarshi qoplamalarni talab qiladi.

Ushbu infratuzilma kamchiliklarini bartaraf etish, Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, suv infratuzilmasini hozirgi xizmat ko‘rsatish darajasida ushlab turish uchun keyingi 10 yil ichida yiliga 400 mln dollar sarmoya talab qiladi. Shu bilan birga, tizimni modernizatsiya qilish taxminan bir xil miqdordagi investitsiyalarni talab qiladi. Taqqoslash uchun, 2020-yilda irrigatsiya va drenaj uchun jami kapital xarajatlar atigi 200 mln dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonda sug‘oriladigan dehqonchilik ko‘p jihatdan elektr nasoslariga bog‘liq. Ularning aksariyati esa 30 yildan ortiq vaqt oldin qurilgan nasos stansiyalari bo‘lib, qishloq xo‘jaligida elektr energiyasining katta qismini va mamlakatda iste’mol qilinadigan elektr energiyasining qariyb 16 foizini iste’mol qiladi.

Qisqa muddatda ushbu sohada davlat xarajatlarini yaxshilash maqsadida davlat siyosatining quyidagi chora-tadbirlarini amalga oshirish tavsiya etiladi:

  • irrigatsiya va drenaj tizimlarini ta’mirlash hamda saqlash uchun davlat budjeti mablag‘larini ko‘paytirish, shuningdek ularni kapital ta’mirlash va modernizatsiya qilish dasturini jadallashtirish uchun kapital mablag‘larni oshirish;
  • suv nasoslari tomonidan elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga yordam beradigan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish (ularni kamroq energiya sarflaydigan modellarga almashtirish orqali);
  • fermerlarni tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanishga undaydigan dasturlarni yanada joriy etish.

Uzoq muddatli istiqbolda quyidagi davlat siyosati tavsiya etiladi:

to‘liq qoplanadigan suvdan foydalanish uchun har kubometr tariflariga va suvdan foydalanganlik uchun to‘lovlarni undirishning yuqori darajasiga o‘tish;

qishloq joylarda elektr energiyasi bilan ta’minlashning muqobil manbasi sifatida sug‘orish kanallarida mikro- va mini gidroelektr stansiyalaridan foydalanish tajribasini o‘rganish, shu bilan birga, nasoslardan faqatgina gravitatsion (oqim bo‘ylab) sug‘orish texnik yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmagandagina foydalanish.

Suv ta’minoti va sanitariya xizmatlari

Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, aholining quvurli suv tarmoqlaridan foydalanish darajasi nisbatan yuqori (87%), ammo xavfsiz iste’mol uchun yaroqli suv oladigan uy xo‘jaliklarining ulushi ancha kam (69%). Asosan 40−50 yil muqaddam qurilgan suv va kanalizatsiya infratuzilmasi o‘z faoliyatini yakunlagan hamda keng qamrovli reabilitatsiya va yangilanishni talab qilmoqda.

Ushbu sektordagi davlat xarajatlari, so‘nggi yillarda sezilarli o‘sishga qaramay, jadal o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini qondirish uchun aktivlarni almashtirish, suv va kanalizatsiya tizimlarini saqlash hamda kengaytirish talablariga javob bermaydi.

Uzluksiz xizmat ko‘rsatishni ta’minlash keng tarqalgan va jiddiy muammodir, chunki aksariyat joylarda ta’minot kuniga 12 soatdan kam ishlaydi. Quvurlardagi suv yo‘qotilishi 30−50% ga yetadi. 2016-yilda 3,7 mln ga yaqin kishiga (jami aholining 12 foizi) asosan yirik shaharlarda markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi orqali xizmat ko‘rsatilgan. Oqava suvlar yig‘iladi, lekin odatda xalqaro standartlarga muvofiq tozalanmaydi, deb qayd etadi Jahon banki.

Ushbu sohada davlat xarajatlari samaradorligini oshirish uchun quyidagi davlat siyosati chora-tadbirlari tavsiya etiladi:

  1. suvdan samarali foydalanish uchun moliyaviy imkoniyatlar va rag‘batlantirishni hisobga olgan holda tariflarni belgilash, suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlariga tariflarni har bir hudud uchun alohida belgilash tizimini ishlab chiqish;
  2. suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kommunal xizmatlar, nazorat qiluvchi organlar, shuningdek “O‘zsuvta’minot” salohiyatini oshirish;
  3. yuqorida qayd etilgan kommunal korxonalarning kreditga layoqatliligiga erishish va ushbu sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  4. kommunal xizmatlarning mustaqilligini ta’minlash va ularning faoliyati uchun davlat subsidiyalarini bosqichma-bosqich bekor qilish.