2023-yilda fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini kuchaytiriladi hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yiladi. Tegishli chora-tadbirlar 2023-yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan [PF-27-son] davlat dasturida qayd etilgan.

Buning uchun “Raqamli mahalla” markazini tashkil etish hamda “Ijtimoiy mahalla” axborot tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Shunga ko‘ra, mahalladagi aholi va tadbirkorlarning mavjud muammo va kamchiliklarini “xonadonbay” o‘rganish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkaziladi. Uning natijalari tegishli davlat organlari va tashkilotlarga yuboriladi hamda ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimiga kiritiladi.

Qolaversa, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatilgan yordam haqidagi ma’lumotlar axborot tizimiga kiritib boriladi.

Mahallalarning hududi, maydoni, infratuzilmasi, chegarasi aks etgan xaritasi, xonadonlarning joylashuvi, raqamlari va ko‘cha nomlarining yagona bazasi yuritiladi.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy mahalla” axborot tizimi hamda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali 40 turdagi ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish ko‘zlanmoqda.

Biroq hozircha mazkur reja qachondan amalga oshirilishi ma’lum emas. Faqat Taraqqiyot strategiyasida yuqoridagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2023-yilning aprel oyida tayyorlanishi belgilangan.

Bosh ijrochi — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi. Birgalikda ish olib boruvchilar — Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hisoblanadi. Mazkur band ijrosini nazorat qilish esa bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga yuklatilgan.