10-aprelga o‘tar kechasi Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qurilish mollari do‘konida yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Tuman FVB dispetcherlik xizmatiga soat 23:03 da Islom Karimov ko‘chasida joylashgan 3 qavatli qurilish mollari savdo markazida bo‘layotgan yong‘in to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Shunga asosan FVBdan 14 ta yong‘in qutqaruv ekipaji jalb qilingan.

Voqea joyiga yetib borgan FVB xodimlari 800 kvadrat metrga ega bo‘lgan savdo do‘konidagi yong‘inni soat 01:59 da bartaraf etgan. Hodisa oqibatida jarohat olganlar va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.